O‘zbekiston: Buzilgan tandir egasining huquqi, yashil energiya ulushi va yana qo‘lga tushgan hokim yordamchilari

- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 3 daq
Tandir faqat sud qarori bilan buzilishi mumkin
O‘zbekistondagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi Biznes ombudsman chiqargan bayonotga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida ayrim hududlarda tadbirkorlarning qonuniy mulkiga zarar yetkazish holatlari kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
O‘zbekiston bo‘ylab yog‘ingarchilik kechikishi va qish mavsumidagi isitish tizimi ishi kuchayishi natijasida aksar hududlarda, xususan poytaxt Toshkentda havoning keskin ifloslanishi Prezident Mirziyoyevning poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan farmoni imzolanishiga sabab bo‘ldi.
Farmon ortidan viloyatlarda ham «havoni tozalash reydlari» boshlanib ketdi. Jumladan, Andijon viloyatida yo‘lcheti oshxonalaridagi somsa tandirlarining buzib tashlanishi ijtimoiy tarmoqlarda ham kulgu, va ham g‘azabga manba bo‘ldi.
Andijonda havoni ifloslash ulushining eng katta qismi tandirlarga emas, sanoatga tegishli. Toshkentda ham shunday.
«Shuni alohida qayd etish lozimki, "Tadbirkorlik faoliyatining erkinliklari kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir», deydi o‘z bayonotida Biznes ombudsman idorasi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektini tugatish yoki uning mol-mulkiga nisbatan boshqa choralar ko‘rish faqatgina vakolatli organ yoxud sud qaroriga binoan amalga oshirilishi kerak.
«Shu munosabat bilan vakolatli davlat organlarini ushbu muhim jarayonlarda tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining qonuniy manfaatlari va mulkiy huquqlarini ta’minlashga, xususiy mulkka nisbatan qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka va har qanday choralarni amaldagi qonunchilik asosida amalga oshirishga chaqiramiz», deyiladi Biznes ombudsman murojaatida.
Biznes ombudsman idorasida mustaqil emas, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasiga bo‘ysunuvchi tashkilot. O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining rahbari Saida Mirziyoyeva esa ba’zi ekologik tekshiruvlarda shaxsan o‘zi qatnashdi.
Yashil energiya qachon ko‘payadi?

Surat manbasi, President.uz
Qish mavsumi va isitish tizimlariga bosim oshishi natijasida O‘zbekistonning turli hududlarida odatiy elektr ta’minotidagi uzilishlardan shikoyatlar oshayotgan bir vaqtda, Prezident Mirziyoyev yashil energiyaning mamlakatdagi ulushi 2030 yilgacha 54 foizga yetkazilishini ma’lum qildi.
U bu haqida «Barqaror energetika – Yangi O‘zbekistonning kelajak sari ishonchli qadami» mavzusidagi anjumanda gapirdi.
Gaz qazib olinishi kamayishi manzarasida O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiyaning ulushi hanuz past bo‘lib qolyapti, lekin o‘smoqda. Yil boshida u 16 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, yil oxirida 26% bo‘lishi kutiladi.
Ayni damda, jahon bo‘ylab 2024 yilda elektrning 40%dan ko‘prog‘i yashil energiyaga to‘g‘ri kelgan. Ember tadqiqot markazining hisobotida aytilishicha, quyosh energiyasi elektr manbaining eng tez o‘sayotgan turi bo‘lyapti. Oxirgi uch yilda dunyo bo‘ylab quyoshdan olingan energiya ikki baravar oshgan.
O‘zbekistonda sanoat ko‘lamida yirik quyosh energiyasi stantsiyalari qurilayotgan bo‘lsa-da, xalq orasida ularga shubha saqlanib qolyapti. Bunga, Bi-bi-si bilan avvalroq suhbatlashgan energetik Zafar Safoga ko‘ra, mahalliy hukumatlarning panellarni majburan sotib olish bo‘yicha bosimlari va imtiyozlarning yo‘qligi sabab bo‘lgan.
Uning aytishicha, O‘zbekiston iste’molchilari orasida quyosh energiyasidan elektr olishni keskin oshirish mumkin.
Prezident nutq so‘zlagan kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida 3 milliard 300 million dollar bo‘lgan 3,5 ming megavattli "yashil" quvvatlarga start berilayotgani ma’lum qilindi.
Hokim yordamchilari hibsga olinishda davom etyapti

Surat manbasi, DXX
Davlat xavfsizlik xizmati tarqatgan xabarda uchta hokimlik idoralari faoliyatida korruptsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yilgani ma’lum qilindi.
Xususan, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departmenti tomonidan Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bog‘dod tuman hokim o‘rinbosari 8 ming dollarni olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
«Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida aniqlanishicha, ushbu mansabdor shaxs o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Beshariq tumanida yashovchi fuqaro tomonidan "elektron onlayn auktsion" savdo platformasi orqali ijara huquqi asosida yutib olingan 2,4 sotix yer maydonini boshqa bir fuqaroga mulk huquqi asosida o‘tkazib berishni va’da qilgan.»
Shuningdek, Namangan shaxar hokimining mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchisi ham pora bilan qo‘lga tushdi.
U mahalladagi "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ajratilgan yer maydonlaridan 8 sotix qismi uchun dalolatnoma rasmiylashtirib, bir yil davomida noturar sifatida foydalanib turish va bir yildan so‘ng yer toifasi karorini turar-joy toifasiga o‘zgartirib berishni va’da qilib, buning evaziga fuqarodan 6 000 dollar talab qilgani aytilmoqda.
"Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokimlik vakili kelishilgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi."
Xuddi shunday holat, Yangi Namangan tumani mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida ham kuzatilgan.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi tuman hokimligi va kadastrdagi tanishlari orqali ushbu mahalladagi 12 sotix davlat zaxirasida bo‘lgan yer maydonining hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 16 000 AQSh dollarini talab qilib, oldindan 6 000 dollarni olgan vaqtida ushlangani DXX tomonidan xabar qilindi.
Hozirda ushbu hokimliklar vakillariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.












