You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston: Bolaga dinni o‘rgatish jinoyatmi?
O‘zbekistonda bolalarga diniy ta’lim berish jazosi yanada og‘irlashtirildi. Oliy majlis deputatlari ko‘plab odamlarning hayotiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ushbu o‘zgartirishni "kichkina bitta modda" deb, bir kunda qabul qilib yuborishdi.
13 may kuni Oliy majlis qonunchilik palatasida qabul qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga diniy ta’lim bergan jismoniy va yuridik shaxslar endi to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Amaldagi qonun bo‘yicha bu kabi shaxslar avval ma’muriy javobgarlikka tortilardi. Yangi qonun kuchga kirgach, bu tartib o‘zgaradi.
Qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati so‘nggi yillarda qonunga zid ravishda diniy ta’lim berish hollari ko‘paygani bilan izohlangan.
"So‘nggi yillarda bolalarning qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishlari ko‘payib borayotgani, aksariyat hollarda hech qanday xat-hujjati yo‘q, ro‘yxatdan o‘tmagan norasmiy "markazlar va tashkilotlar" va umuman diniy-ma’lumoti bo‘lmagan shaxslar ixtiyoriga bolalar topshirilib kelinmoqda", deydi loyiha tashabbuskori, deputat Abdullo Aslonov.
Yangi o‘zgartirish bolalarga diniy ta’lim bergan shaxsni to‘g‘ridan to‘g‘ri 3 yilgacha qamashga huquqiy yo‘l ochadi.
Biroq deputat Saydullo Azimov ma’muriy javobgarlikka tortilmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortishni yumshoq, dedi va jazoni yanada og‘irlashtirish taklifini oldinga surdi.
"Shu o‘rinda taklifim bor edi, agar qo‘mita qabul qilsa, mana shu majburiy ishlar 360 soatdan 480 soatgacha, axloq tuzatish ishlarini 1 yildan 3 yilgacha, deb belgilash hamda ozodlikdan mahrum qilishni jazosini ham 1 yildan 3 yilgacha deb belgilasak, birinchi qismga nisbatan og‘irroq bo‘lardi va jinoyat kodeksining konstruktsiyasi buzilmagan bo‘lardi", deydi Saydullo Azimov.
Ammo "Milliy tiklanish" partiyasidan deputat to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortish taklifiga qarshi chiqdi.
"Birdan jinoyatga o‘tkazish, bilmadim qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi. Umuman ijtimoiy ahamiyatdan kelib chiqib, jazo berish printsipiga suyanish kerak, bu yerda adashmasam. Chunki birinchi ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin, uning takrori sodir etilsa, uni o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi. Lekin men bermoqchi bo‘lgan taklif, o‘sha noqonuniy diniy ta’limning ichida terrorizm yoki aqidaparastlik, zo‘ravonlik yoki radikal fikrlar ta’limning ichida qo‘llanilgan bo‘lsa, mayli uni jinoiy birdan javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqsa bo‘ladi. Hozir men o‘ylaymanki, o‘sha ma’muriyni o‘zi bilan cheklanishning o‘zi yetarli bo‘ladi", deydi deputat Eshmirza Bekmirzaev.
Biroq spiker Nuriddin Ismoilov Bekmirzaevning avval ma’muriy jazoni qo‘llashni qoldirish e’tirozini "bu kishi umuman boshqacha aytayapti", deb e’tiborsiz qoldirdi. Moddani tuzishdagi uslubiy xatoni to‘g‘rilab, o‘sha yerning o‘zida ikki o‘qishda qabul qilishni taklif qildi.
"Hurmatli deputatlar, qoldig‘imizda qonun juda ko‘p, juda kichkina bitta moddadan iborat qonun ekan. Shuni keyingi hafta, keyin qilmasdan, ikkinchi o‘qishda ham ko‘rvorsak nima deysizlar", deb o‘rtaga taklif tashladi Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov.
Ismoilov "kichkina bitta modda", deb ahamiyatini tushirishga harakat qilgan modda Jinoyat kodeksining 229 prim 2 moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish edi.
"Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish" moddasi amaldagi qonunda shunday keltirilgan:
"Maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".
Deputatlar moddaning asosan tashabbuskorlar tomonidan xato yozilgan qismini muhokama qilishdi. Muhokamalardan tashabbuskorlar "ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin" degan tushunchani olib tashlashi kerak bo‘lgan. Ammo taqdim qilingan qonun loyihasida jumlalar tuzilmasi ushbu ma’noni baribir saqlab qolgan.
Spikerning o‘zi o‘sha yerda taklif qilgan o‘zgartirishlar bilan deputatlar ushbu moddani ikki o‘qishda qabul qilib yuborishdi.
Bolaga qonuniy diniy ta’lim berilmaydigan davlat
Loyiha tashabbuskori diniy ta’lim masalasida "noqonuniy" so‘zini bir necha marotaba ishlatdi. Aslida O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lganlarga diniy ta’lim berishga qonunan to‘siq qo‘yilgan.
"Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, "Diniy ta’lim muassasalarida o‘qishga fuqarolar qonunchilikka muvofiq umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki professional ta’lim olganidan keyin qabul qilinadi".
O‘zbekistonda umumiy o‘rta maktabni o‘quvchilar 18 yoshda tugatadi. Demak qonun bo‘yicha, bu yoshgacha bolaga ruxsat berilgan diniy ta’lim muassasasida o‘qishga qabul qilish mumkin emas.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Faqat ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolalariga diniy "tarbiya" berishi mumkin, ammo qonunchilikda ota-onaning ham diniy "ta’lim" berish huquqi alohida ko‘rsatilmagan.
Bungacha bolalarni diniy ta’limga jalb qilgan ota-onalarni ma’muriy jazoga tortish tartibi joriy qilingandi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan yillari diniy masalalarda berilgan erkinliklar yillar o‘tgan sayin yo‘qolib bormoqda.
Ayrimlar esa yoshlarning radikallashib, turli qurolli guruhlarga ketishining oldini olish uchun hukumat shunday yo‘l tutishga majbur bo‘layotganini aytishadi.
Buyuk Britaniyada qanday?
Qurolli guruhlarga qo‘shiluvchilar soni ortgach, Buyuk Britaniyada bolalarga diniy ta’limni to‘xtatish yoki to‘liq davlat nazorati ostiga o‘tkazish takliflari yangradi.
Biroq Islom ulamolari diniy ta’limni cheklash radikalizmning avj olishiga sababchi bo‘lishini va bolalarga diniy ta’lim erkin berilishi kerakligini aytib chiqishdi.
Natijada Buyuk Britaniya masjidlari qoshida ochilgan madrasalar faoliyati to‘xtamadi.
Britaniyadagi maktab o‘quvchilar darsdan so‘ng yoki dam olish kunlari yuzlab masjidlar qoshida ochilgan madrasalarda diniy ta’lim olishadi.
Bu yerda ular Qur’onni o‘qishni o‘rganishdan tortib, yodlash, fiqh va siyrat darslarini o‘rganishadi.
Bir vaqtlar Toshkentdagi "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" masjidi imom noibi bo‘lib ishlagan diniy olim Hasanxon Yahyo Abdulmajid musulmonlar dinini o‘rganishi muhimligini ta’kidlaydi.
Yoshlarning radikal oqimlarga qo‘shilib qolishining asosiy sabablaridan biri sifatida ularning o‘z dinini bilmaganini aytadi.
"Agar biz musulmonlar dinimizni chuqur, to‘g‘ri anglasak, tafakkurimiz shariatga muvofiq bo‘lsa, dunyoda eng ilg‘or xalq bo‘lishimiz ming foiz aniq. Bugungi tanazzul shariatni noto‘g‘ri anglagandan. Anovi to‘s-to‘polon qilib yurganlarning hammasi shariatning sh sini ham bo‘lmaydi. Hech narsani bilmaydi. 4 ta hadisni yodlab olgan, odamlarni gangitib, qiziqishda borib olgan", degandi u bundan 3 yil oldin o‘tkazgan ochiq darslaridan birida.
Biroq O‘zbekistonda 18 yoshgacha diniy ta’lim olish qonunan mumkin emas. Ta’lim muhimligini ta’kidlagan din olimi Hasanxon Yahyo Abdulmajidning masjiddagi darslari ham to‘xtab qoldi. Umuman O‘zbekistondagi boshqa masjidlardagi diniy darslar ham to‘xtatilgani, imomlarga ijtimoiy tarmoqlarda diniy postlar qo‘ymaslik borasida og‘zaki ko‘rsatma berilgani aytiladi.