You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar Markaziy Osiyoga zarar keltirishini yaxshi bilamiz – YeIning bosh diplomati
Yevrokomissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas 27 mart kuni Ashxobodda Markaziy Osiyo davlatlari vakillari bilan uchrashgan. Xabar qilinishicha, YeI oliy vakili Rossiyaga qarshi sanksiyalarning mintaqaga zarari haqida gapirgan.
Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas payshanba kuni yigirmanchi YeI-Markaziy Osiyo vazirlar uchrashuviga raislik qilgan.
Yig‘ilishda ishtirok etgan tomonlar Ukrainada barqaror tinchlikka erishish zaruriyatini yana bir bor e’tirof etgan.
Rus matbuotining xabar qilishicha, Kallas xonim Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarning Markaziy Osiyoga ta’siri haqida gapirgan.
27 mart kunining o‘zida Kaya Kallas O‘zbekiston prezidenti qabulida ham bo‘lgan.
Ashxoboddagi uchrashuv
Payshanba kuni Turkmaniston poytaxtida o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari uchrashuvining asosiy mavzusi aprel boshida Samarqandda tashkil etilajak sammitga tayyorgarlik ko‘rish bo‘lgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari ishtirok etgan.
Yevropa Ittifoqi tarqatgan rasmiy xabarga ko‘ra, tomonlar o‘zaro strategik manfaatlarni ochiq muhokama qilganlar.
Ikki mintaqa aloqalarini mustahkamlash yo‘lida 4 aprel kuni Samarqandda tashkil etilayotgan "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitiga doir tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishib olingan.
Bir vaqtning o‘zida, vazirlar yig‘inida Ukraina mojarosi bo‘yicha ham fikrlar almashilgan.
"Tomonlar Ukrainada BMT Nizomi tamoyillariga muvofiq har tomonlama, adolatli va bardavom tinchlikka imkon qadar tezroq erishishga chaqirdi", deyiladi YeI e’lon qilgan qo‘shma kommyunikeda.
Yevropa tomoni Markaziy Osiyo davlatlariga joriy geosiyosiy vaziyatda o‘zi joriy etgan cheklovchi choralar bo‘yicha axborot taqdim etgan.
"Sanksiyalar sizga zarar keltirishini bilamiz"
TASS'ning YeI top diplomatidan iqtibos keltirishicha, u Yevropa Rossiyaga qarshi joriy etgan sanksiyalarning mintaqaga zararini tilga olgan.
"Yevropa Ittifoqi Rossiya harbiy mashinasini to‘xtatish maqsadida sanksiyalarning 16-paketini joriy qildi va biz 17-paket ustida ishlayapmiz. Shu sabab men bizning sanksiyalarni, jumladan Markaziy Osiyo orqali aylanib o‘tilishiga qarshi kurashish ahamiyatini tilga olib o‘tdim. Bu sanksiyalar sizlarning iqtisodiyotingizga zarar keltirishini tushunaman, lekin anig‘i shuki, hammamiz urushga barham berilishini istaymiz… Rossiya kompaniyalari sanksiyalarni chetlab o‘tish yo‘lida Markaziy Osiyoga yuzlanishiga qo‘ymaslik lozim", Kallasdan iqtibos keltirgan TASS agentligi.
Yevropa Ittifoqining ma’lum qilishicha, Ashxobodda Markaziy Osiyo davlatlari vakillari sanksiyalarning mintaqa hududi orqali chetlab o‘tilishi, xususan, ahamiyati yuqori tovarlarning qayta eksport qilinishi oldini olish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga rozilik bildirgan.
Kaya Kallas 27 mart kuni O‘zbekiston prezidenti bilan ham uchrashgan.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashilgan, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi masalasi muhokama qilingan.
"Sanksiyalarni bekor qilish vaqti emas"
Yevropa Ittifoqining bosh diplomati Rossiya o‘ziga qarshi qo‘yilgan sanksiyalarni yumshatishga zo‘r berayotgan bir paytda Markaziy Osiyo davlatlari vakillari bilan uchrashgan.
Shu haftada Kreml Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv kuchga kirishi uchun Rossiya banklari, kompaniyalari, kemalari, portlariga qo‘yilgan sanksiyalar olib tashlanishini talab qilgan edi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Rossiyaning bu talablari ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.
Biroq Yevropa yetakchilari Trampni prezident Vladimir Putinga ishonmaslikka chaqirib chiqqan.
27 mart kuni mintaqaning 30 ga yaqin liderlari Parijda yig‘ilgan.
Ular Parij sammitida Rossiyaga qarshi sanksiyalarning muddatidan avval bekor qilinishiga qarshi chiqqan.
Xususan, Britaniya bosh vaziri Kir Starmer "hozir buning vaqti emas"ligini ta’kidlagan.
"Hozir sanksiyalarni bekor qilish vaqti emas. Biz qaytanga AQShning bosimni kuchaytirish orqali Rossiyani muzokara stoliga o‘tqazish tashabbusini dastaklash maqsadida sanksiyalarni yana qanday kuchaytirish mumkinligini muhokama qildik", degan Starmer.
Germaniyaning tez orada lavozimidan ketayotgan kantsleri Olaf Sholts esa sanksiyalarni hozir bekor qilish "jiddiy xato" bo‘lishidan ogohlantirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlikka erishilmagunga qadar "sanksiyalarni bekor qilishdan hech qanday ma’no yo‘q".
"Afsuski, biz hali bundan ancha uzoqdamiz", qo‘shimcha qilgan Sholts.