Qatar 2022: Islom, LGBT, futbol va inson erkinliklari birga bo‘la oladimi - bahslar tinmayapti... Qatar Futbol Dunyo Yangiliklar

Dohadagi stadion

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Bu - Yaqin Sharqning birinchilikka ilk bor mezbonlik qilishi bo'ladi

Jahon chempionati arafasida FIFA va mezbon Qatarning xavotirlari tinmayotir. Bu - Yaqin Sharqning birinchilikka ilk bor mezbonlik qilishi bo'ladi. Qatar dunyoning eng boyvachcha davlatlaridan biri. Ammo u yerda Shariat ham amal qiladi.

Aloqador mavzular

Qatardagi Jahon Chempionatini G'arb nega bunchalik siyosiylashtirmoqda? Bu FIFA va Qatardagi jahon chempionati tashkilotchilari xavotir olgan matbuot sarlavhalari ro'yxatidagi eng so'nggisi bo'ldi.

Chempionat boshlanishi arafasida turnirning rasmiy elchisi gomoseksualizmni "aqlning buzilishi", deb atadi.

Qatarning sobiq futbolchisi Xolid Salmonning Germaniyaning ZDF teleradiokompaniyasiga bergan bayonoti Jahon chempionati bilan bog'liq muammolar, jumladan, ishchilar huquqlari, so'z erkinligi va Ukrainadagi urush bilan bog'liq muammolar ro'yxatini kengaytirdi.

O'sib borayotgan bahs-munozaralar Qatar chempionati tarixdagi eng siyosiylashgan jahon chempionati deb atalishiga sabab bo'ldi.

LGBT huquqlari

Shveysariyaning Syurix shahridagi FIFA muzeyida LGBT noroziligi

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Shveysariyaning Syurix shahridagi FIFA muzeyida LGBT noroziligi

Liverpul futbol klubining LGBT+ Kop Auts guruhi asoschisi Pol Amann: "Dastlab, men ular mehnat muhojirlari hayotini yaxshilash choralari qatori LGBT+ odamlar hayotini yaxshilash uchun ham qandaydir chora-tadbirlar ishlab chiqadi deb umid qilgandim", deydi.

U 2019 yilda eri bilan Jahon chempionati tashkiliy qo'mitasi tomonidan uyushtirilgan gastrol doirasida Qatarga taklif qilingan.

Qatarda bir jinsli munosabatlar va bu munosabatlarni targ'ib qilish qonun bilan taqiqlangan va jarimadan tortib o'lim jazosigacha bo'lgan jazolarni o'z ichiga oladi.

Ammo Jahon chempionati rahbariyati "o'yinlarni tomosha qilish uchun istalgan odam mamlakatga tashrif buyurishi mumkin"ligi va hech kim kamsitilmasligini aytmoqda.

Ammo Xolid Salmon intervyusi kabi voqealar Polning chempionatga nisbatan avvalgi optimizmini kamaytirgan.

"Afsuski, Qatar vaziyatni yaxshilash uchun o'zgartirishlar qilishga majburlansa ham, u LGBTga nisbatan kamsitishni ikki baravar oshirdi."

Geylarning qamoqqa tashlanishi va konversion terapiyadan foydalanilayotgani haqidagi xabarlar Polning jahon chempionatiga borish qarorini o'zgartirishini anglatardi.

"Qatar hukumati LGBT+ odamlariga shunday shafqatsiz munosabatda bo'lishda davom etayotgani ma'lum bo'lganidan keyin chempionatda ishtirok etish haqida o'ylash nodonlikdir".

O'yinchilar norozilik bildirmoqda

Nemis futbolchilari jahon chempionati saralash o'yini oldidan norozilik bildirishdi

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Nemis futbolchilari jahon chempionati saralash o'yini oldidan norozilik bildirishdi

Xalqaro siyosatchilar va inson huquqlari guruhlari tanqididan tashqari, maydondan ham norozilik ovozlari yangramoqda.

Daniya o'yinchilari brend logotiplari deyarli ko'zga tashlanmaydigan odmi libosda maydonga tushmoqchi.

Daniya jamoasi sardori, shu jumladan, boshqa to'qqiz mamlakat - Angliya, Fransiya, Germaniya va Belgiya vakillari ham OneLove kamalak logotipini qo'llariga taqib maydonga tushadi.

Jamoalarning so'roviga qaramay, FIFA bu logotiplardan foydalanish o'yinchilarga o'yinlar vaqtida siyosiy bayonotlar berishni taqiqlovchi jahon chempionati qoidalarini buzishi yoki yo'qligini ma'lum qilmagan.

Xalqaro sport huquqshunosi doktor Gregori Ioannidisning fikricha, futbol rahbariyati chegarani qayerga chizish kerakligini aniqlashda qiyin vazifaga duch kelmoqda.

"Yaqinda norvegiyalik futbolchilar o'z formalariga "Bu siyosiy bayonotga tengmi?" deb yozishgandi."

"Bilmayman, siyosiy bayonot nima ekanligini tushuntirib bera olasizmi? Menimcha, hech kim tushuntira olmaydi va bu ayni paytda FIFA oldida turgan muammo".

Pol Amanning fikricha, geylar huquqlari "siyosat emas, asosiy ijtimoiy muammolardandir" va futbolchilar bu haqda gapirgani uchun jazolanmasligi kerak.

Ammo turnir boshlanganda muxlislar (va futbolchilar) qoidalar qanday ijro etilishini bilib olishadi.

Ishchilar huquqlari

Qatarda jahon chempionati uchun qurilayotgan stadion

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Qatarda jahon chempionati uchun qurilayotgan stadion

Qatarda qurilish ishchilarini qo'llab-quvvatlash ham ba'zi faollar o'yinchilar gapirishi kerak, deb hisoblaydigan yana bir masaladir.

"O'ylaymanki, FIFAning "Bu siyosiy ish, buning uchun jazolanasiz" deyishi juda noto'g'ri", deydi Mustafo Kadri, "Equidem" inson huquqlari va mehnat huquqlarini o'rganish bo'yicha konsalting firmasi asoschisi.

Ular Qatardagi ishchilar, jumladan, Jahon chempionati uchun stadionlar qurishda yordam berganlar bilan suhbatlashdi va ishchilardan ishga joylashish uchun haq olinganini, ular maosh olishda muammolarga duch kelganini va xavfli darajada yuqori haroratlarda ishlashga majbur bo'lishlarini aniqladilar.

Ayrim xabarlarga ko'ra, 2010 yilda jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqini yutganidan beri 6000 dan ortiq mehnat muhojiri halok bo'lgan.

Biroq Qatar hukumati ma'lumotlar noto'g'ri ekanligini va 37 kishi Jahon chempionati stadionlari qurilishida halok bo'lgani, ulardan faqat uchtasi "ish bilan bog'liq" ekanligini aytdi.

Mamlakat rasmiylari xorijlik ishchilarni ish joyini o'zgartirish yoki mamlakatni tark etish uchun ish beruvchidan ruxsat olishga majbur qiladigan "kafala" tizimi bekor qilinganini shart-sharoitlar yaxshilangani dalolati sifatida gapirmoqda.

Ammo Mustafoning aytishicha, ba'zi islohotlar "ayrim ishchilarga albatta foyda keltirsa-da, o'zgarishlar yetarlicha uzoqqa bormagani aniq".

Bahsli g'olib

Namoyishchi ishchilar huquqlariga qarshi namoyishda FIFAga "qizil kartochka" ko'rsatib turishibdi

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Namoyishchi ishchilar huquqlariga qarshi namoyishda FIFAga "qizil kartochka" ko'rsatib turishibdi

LGBT va ishchilar huquqlari ahvoli borasidagi tanqidlar ko'pchilikda FIFAning Qatarga mezbonlikni topshirish qaroriga shubha uyg'otdi.

Jarayon korrupsiya ayblovlari bilan birga kechdi: 2015 yilda Shveysariya prokurorlari va AQSH Adliya vazirligi ikkita tergov boshladi.

Qatar doimo har qanday qonunbuzarlikni rad etib kelgan va 2017 yilda FIFAning o'z tergovi ham bu da'voni tasdiqlagan.

Qaror to'g'ri bo'lganini ta'kidlayotganlar sport orqali mamlakatlarga ochiqlik va o'zgarishga yordam berish mumkinligini aytmoqda, biroq Mustafoning fikricha, FIFA "mavjud inson huquqlari muammolariga ko'proq e'tibor qaratgan" bo'lsa ham, "imkoniyatdan yetarlicha foydalanmagan".

Doktor Gregori Ioannidisning aytishicha, FIFA turnirni Qatarga berishining sabablaridan biri u yerda o'zgarishlar bo'lishini dastaklashdir.

"Ular inklyuziv muhit yaratmoqchi. Va agar siz bu mamlakatni dunyoga ochsangiz, uni shaxsiy erkinliklarga va boshqa huquqlarga boshqacha qarashga ishontira olasiz".

Ammo geylar va ishchilar huquqlari buzilayotgani tanqid qilinayotgani ko'pchilikni FIFA noto'g'ri qaror qabul qilgan deb o'ylashga majbur qildi.

Chiqarib yuborilgan

FIFA majlisi

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, FIFA fevral oyida Rossiya terma jamoasini jahon chempionatidan chetlatganini e'lon qildi

FIFAning xalqaro miqyosda ko'proq maqtalgan ishlaridan biri Rossiyani saralash bosqichida turnirdan chetlashtirganidir.

Mamlakatlarning maydonda yoki ma'muriy qoidabuzarliklari uchun diskvalifikatsiya qilinishi odatiy hol bo'lmasa ham, jamoaning futbol bilan bog'liq bo'lmagan sabablar bilan diskvalifikatsiya qilinishi o'ta noodatiy holdir.

Faqatgina Germaniya va Yaponiya Ikkinchi jahon urushidan keyin va Janubiy Afrika aparteid davrida bu kabi jazolarga duch kelgan.

"FIFA siyosiy bayonotlarni o'yinga aralashtirmaslikka harakat qiladi, ammo FIFAning o'zi siyosiy tashkilot", deydi doktor Ioannidis ushbu qaror haqida.

"FIFA siyosiy qarorlar qabul qilishi kerak."

Rossiyani butunlay chetlatish to'g'risidagi qaror pley-off bosqichidagi boshqa davlatlar - Polsha, Chexiya va Shvetsiya Ukrainaga bosqindan norozilik sifatida Rossiya jamoasiga bilan maydonga tushishdan bosh tortganidan keyingina qabul qilindi.

Agar shunday qilmasa, FIFA "boshqa ishtirokchi davlatlar tomonidan bo'ladigan inqilob xavfiga" tushishi mumkin edi, deya qo'shimcha qiladi doktor Ioannidis.

Islohot

2022 yilgi jahon chempionati logosi

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Qatar 2020 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqini 2010 yilda qo'lga kiritgan va o'shandan buyon ziddiyatlar markazida qolib keladi

Qarshiliklarga qaramay, Qatar amiri Tamim bin Hamad Al-Taniy o'z mamlakati jahon chempionatiga mezbonlik qilgani haqidagi tanqidlarga shunday javob berdi: "Yaqin Sharq o'nlab yillar davomida diskriminatsiyadan aziyat chekmoqda va men bunday diskriminatsiya asosan bizni tanimaydigan va ba'zi hollarda bizni tanishni istamaydigan mamlakatlar tomonidan bo'layotganini aniqladim".

Shuningdek, u "boshqa qit'alardagi boshqa mamlakatlarda yirik sport musobaqalari o'tkazilganda ularga ham misli ko'rilmagan hujumlar bo'lgan"ini va Qatar erishgan "rivojlanish, islohot va taraqqiyotdan faxrlanishini" aytdi.

Ammo turnir yaqinlashganda norozilik va bahs-munozaralar maydonda ham, undan tashqarida ham davom etaversa, bu Jahon chempionati futboldan boshqa sabablarga ko'ra ham matbuot sarlavhalardan joy oladigan ko'rinadi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bog'laning.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek