Karimovning geylarga qarshi gapi qizg‘in muhokamada

Сурат манбаси, AFP
Hamjinsbozlik O‘zbekistonda jinoyat hisoblansada, Islom Karimovning yaqinda geylarni tanqid qilib aytganlari ijtimoiy tarmoq sahifalarida qizg‘in, lekin noodatiy bahslarni keltirib chiqardi.
O‘zbek Prezidenti bir jinsli munosabatlarni axloqsizlik deb atagandi. "Bilasizlarmi, bizga kirib kelayotgan G‘arb madaniyati deb ataladigan bu narsa haqida hatto ayollar oldida gapira olmaymiz. Agar erkak boshqa erkak bilan, ayol ayol bilan yashasa, men sizlarga ko‘rsatadigan mana bu yerida nimadir noto‘g‘ri yoki o‘zgargan", deb aytgan Karimov boshiga ishora qilib. Shunday maqol bor. Agar Xudo kimnidir bema‘niligini ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, undagi aqlni olib qo‘yadi", deydi u 4 fevralda o‘tgan Toshkent viloyat xalq deputatlari yig‘ilishida.
Islom Karimov o‘zining bu gaplarini Toshkent viloyati xalq deputatlari kengashining 4 fevralda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasidagi chiqishida qilgan.
O‘zbekiston prezidenti nima uchun aynan Toshkent viloyati xalq deputatlari kengashida geylar masalasiga to‘xtalgani ma‘lum emas. Deputatlar bilan uchrashuv so‘nggida prezident viloyat hokimi Ahmad Usmonovni xizmat vazifasini bajarishda yo‘l qo‘ygan ko‘plab kamchiliklari uchun lavozimidan bo‘shatgan.
Karimov shuningdek mehr va muhabbatning ahamiyatini ham qayd etgan.
Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida prezidentning gapini minglab foydalanuvchilar yoqlaganlar va yuzlab foydalanuvchilar uni boshqalar bilan bo‘lishganlar.
Aksariyat foydalanuvchilar prezidentning geylar haqida aytgan "to‘g‘ri" gaplari uchun olqishlaganlar. Va "tinch osmon" uchun unga minnatdorchilik bildirib, prezidentga uzoq umr tilaganlar.
Jumladan, foydalanuvchi "Nizom Mo‘minov" : "Podshohga sharaflar!!! Respekt!" deb yozadi.
O‘zini "fast food" restorani ishchisi va "Penn State bitiruvchisi" Moskvada, Pensilьvaniya va Nьyu-Yorkda yashovchi deb tanishtirgan Bohodir Ergashev Feysbukda geylarni tarafini olgan foydalanuvchilarning eng faollaridan biri.
Uning gomoseksualistlarga "alohida e‘tibor talab qiluvchi, lekin kasal emas", degan ta‘rifi O‘zbekistondagi minglab internet foydalanuvchilarining g‘azabini qo‘zg‘atib yuborgan.
"Qanaqa alohida talabli ekan. Bu qanaqa yangi axmoqgarchilik? Ular alohida odamlar emas, ular jinnilar", deydi "Alina Kariyeva".
Feysbukdagi "Rovshan Xon" esa , tarmoq foydalanuvchilarini jinsiy kamchiliklarga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishga chaqirgan. "Bu tug‘ma xususiyat (fanda isbotlangan) va uni siz o‘zgartira olmaysiz". Dalil sifatida u hamjins odamlarni germofrodit hayvonlarga o‘xshatadi.
Bunga javoban "Mukhayyo Abilova", gomoseksualizmni "jirkanch" deydi va "tabiiy ko‘rinish" deb atagan "Rovshan Xon"ni tanqid qiladi.
Boshqalar ham geylarni qoralab, ularni yoqlaganlarga ham haqorat so‘zlarini otishadi.
Bu mavzudagi uzoq bahslar o‘zbek ijtimoiy ommaviy axborot vositalari foydalanuvchilari va umuman o‘zbek aholisi uchun noodatiy sanaladi.
O‘zbekistonda hamjinsbozlik munosabatlari bilan shug‘ullanadiganlar sharmanda qilinadi. Mamlakatda "Dilshod" ismli transvestit o‘ta mashhur bo‘lib ketgan edi. Uning ishtirokidagi videolar oxirgi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘paygan. U ham o‘tgan yili qattiq kaltaklangan.
Shu kabi yana bir video o‘tgan oyda messenjerlar orqali keng tarqaldi. Unda bir necha o‘zbek militsiya xodimlari xonadonga kirib borgani va ayollar ichki kiyimi kiygan erkak va yana boshqa ikki erkakni do‘pposlagani aks etgan. Keyinroq bu militsiya xodimlari ishdan bo‘shatilgani ma‘lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aholisining 90 foizidan ortig‘i musulmon bo‘lgan O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari geylarga qarshi kurashga chaqirganlar. Ba‘zi foydalanuvchilar hatto o‘z izohlarida o‘ta shafqatsizlar.
"Asrorxon Mamatxonov" shunday yozadi: "Biz jamiyatimizdagi bu kabi geylarni yo‘qotishimiz kerak. Bu geylar jamiyatimizga va xalqimizga baxtiqarolik olib kelyapti. Ularni yo‘qotish kerak!.."
"To‘ppa to‘g‘ri! Bunaqalar tiriklayin ko‘milib, ularning go‘rlari axlatga to‘ldirilishi, betonlab tashlanishi kerak", deydi "Ilxom Abduvaliyev".
Boshqalar ham geylarni urish va o‘ldirishga chaqirishgan. "Men prezidentimiz bilan faxrlanaman! Geylar yoqib yuborilishi kerak. Bizning tumanimizda bitta geyni o‘ldirib qo‘ygan yigit sud zalidan tuman hokimi va militsiya boshlig‘i quvvatlashi bilan ozod qilindi", deydi "Timur Bek".
Aksariyat foydalanuvchilar o‘zbek jamiyatining geylarga toqatsizligini ko‘rsatishini xohlashgan.
Foydalanuvchi "Toxir Abdullayev" jumladan shunday deydi: "Bizning jamiyatimizda geylarga o‘rin yo‘q! Bunday parazitlar Frantsiya, Urugvay kabi gey mamlakatlarga badarg‘a qilinishi lozim".
Bundan tashqari izohlar orasida O‘zbekistondagi boshqa ichki muammolarni yozganlar ham uchraydi.
O‘zini "Rustam Karim", deb atovchi foydalanuvchi Karimovni 2005 mayda Andijondagi qo‘zg‘olonchilarni otishda va diniy erkinlikni bostirishda ayblaydi. Bu foydalanuvchining izohlari ham qizg‘in bahslarni, qarshi fikrlarni keltirib chiqargan.
Ko‘p foydalanuvchilarga ko‘ra, hamjinsbozlik ruhiy buzilish va O‘zbekistondagi an‘analarga qarshidir.
"Sanobar Abdugaffarova" bunday izohlaydi.. "Bizning mentalitet buni qabul qilmaydi " Biz G‘arb tartiblariga qo‘shilmasak, u insoniylikka qarshi ishlamasligi kerak. Bizning hamisha o‘z qadriyatlarimiz va an‘analarimiz bo‘lib kelgan. Ular hech qachon o‘zgarmaydi va o‘zgarmasligi kerak. Biz Sharqmiz, ular G‘arb. Mana gap qayerda".
"G‘arb davlatlarida keng tarqalgan hamjinsbozlik tizimi Sharq mamlakatlariga to‘g‘ri kelmaydi", deb yozadi "Maruf Shukurov" .
Unga javoban "Nina Patarin" shunday deydi: "Agar biz tarixga qaraydigan bo‘lsak, gomoseksualizm G‘arbga aynan Sharqdan borganini ko‘ramiz, aksincha emas".
- Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram BBC UZBEK
- Twitter BBC UZBEK
- Odnoklassniki BBCUZBEK
- Facebook BBC UZBEK
- Google+ BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon












