You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Mirziyoyev yulduzi Oʻzbekistonga mosmi?
Prezident Shavkat Mirziyoyevdan Oʻzbekiston va Oʻzbek xalqi nima kutishi mumkin, degan masalada turli mutaxassislar: siyosatshunos va jamiyatshunoslar, iqtisodchi va shoirlar, psixolog yo jurnalistlar oʻz fikrlarini aytishmoqda.
Endi ayni roʻyxatga munajjimlar ham qoʻshildi.
Ilmi nujum azaldan Oʻzbekiston hududlarida keng tarqalgan va kuchli rivojlangan.
Amir Temur, Bobur va Ulug`bek kabi hukmdorlar davrida ham davlat rahbarlari bevosita munajjimlar bilan kengashib ish olib borishgan.
Xabarlarga koʻra, Markaziy Osiyodagi qoʻshni davlatlarda hamon munajjimlarga ishonch katta va hatto davlat rahbarlari ham oʻz toleʼlarini bilish uchun ularga murojaat qilishadi.
Astrolog A. Amin esa Shavkat Mirziyoyev tugʻilganida yulduzlar qanday koʻrinishda boʻlganini oʻrgangan. U yangi prezident yulduzi Oʻzbekiston yulduziga qanchalik mosligi va undan nimalar kutish mumkinligini ustida mushohada yuritadi.
Munajjimdan soʻzboshi: Astrologik maqola va jadval Shavkat Mirziyoyev toleʼnomasi asosida bitilgan boʻlib, undagi xulosalar mutlaqo Mirziyoyev tugʻilgan soniyada osmon jismlari joylashgan holat, oʻzaro nazarlari (aspektlari) asosidadir.
Rasmiy maʼlumotga koʻra, Mirziyoyev 1957 yilning 24 iyulida, (biz qoʻllagan astrologik rektifikatsiyaga koʻra, tungi soat 1:30 da), Quyosh Asad burjida boʻlganda tugʻilgan.
Sherda Shavkat tugʻilganda:
Toleʼnomada Quyosh, Pluton, Zuhal (Saturn) va Mirrix (Mars) eng kuchli mavqega ega bo`lgan, yaʼni toleʼnoma egasida ularning taʼsiri koʻproq.
Burjlardan eng kuchlisi — Asad, unda bir emas, olti sayyora joylashgan.
Ikki osmon jismining oʻzaro yaqin joylashishi yoki bir nuqtada birlashishi "qiron" deyiladi, uchtadan ortiq jismning qironi esa oʻta kuchli hisoblanib, "stellium" hosil qiladi.
Mirziyoyev toleʼnomasida Quyosh va Uran Asadda qiron bilan; Mirrix (Mars), Oʻtorud (Merkuriy), Zuhro (Venera) va Pluton oʻzaro "stellium" bilan bogʻlangan.
(Oʻxshash holatni AQSh 42-prezidenti Bill Klinton "toleʼi"da koʻrish mumkin: unda toʻrt sayyora Asad burjida, shulardan uchtasi "stellium" hosil qilgan.)
Bu nimani anglatadi?
Bunday toleʼ sohibi hokimiyatga oʻta chiranib intilmaydi, goʻyoki hokimiyatning oʻzi unga keladi.
Asad burji - Quyoshning "oʻz uyi", shu bois bu burj ostida tugʻilganlar magʻrurlik, shaxsiyatparastlikdan aslo holi emas.
Mazkur toleʼnoma egasi har doim koʻpchilik eʼtiboriga molik yorqin bir shaxs boʻlishga intilib kelgan, bunday odam kimgadir boʻysunish yo ikkinchi darajali boʻlishni qabul qilishi juda qiyin.
Asaddagi toʻrt asosiy sayyorani birlashtirgan stellium - Pluton-Mirrix-Zuhro-Oʻtorud birligi - hukmronlik qilish, boshqarish uchun bir musht boʻlib tugilgan nihoyatda katta qudrat.
Bu qudrat egasi albatta oʻzini hokimiyatsiz tasavvur eta olmaydi, butun irodasi (Mirrix), aqli (Oʻtorud), hissiyoti (Zuhro), borligʻi bilan yolgʻiz ana shu matlabga buysungan.
U oʻzini faqat hukmronlik qilish uchun dunyoga kelgandek his qiladi. Biroq "hukmronlik" - aslo klassik maʼnodagi qoʻlida qamchi tutib boshqarish emas.
Toʻrt sayyora birligi unga nihoyatda serqirra boshqaruv mahoratini beradi: Asadda oʻzining sharaf burjida (ekzalьtatsiyada) boʻlgan Pluton uni jamoaning (oʻz guruhining) mohir dargʻasiga aylantirsa, qolgan uch sayyora unga odamlarning irodasi, aqli, hissigacha taʼsir eta olish qobiliyatini beradi.
U toliqish nimaligini bilmaydi, xalq tili bilan aytganda, oʻta gʻayratli inson.
Koʻpchilik Asad (Asrlon)lar singari uning uchun bu hayot goʻyoki bir sahna va mazkur sahnada olomon olqishi, eʼtirofidan lazzatliroq narsa yoʻq.
Boshqaruv borasida u ayni fazilatlarning barchasidan mohirlik bilan foydalana oladi va, kezi kelganda, uning uchun tugʻma boʻlgan artistlik qobiliyatini ham ishga soladi. ("1-uy"dagi Oy va Asaddagi Quyosh - yorqin artistlik qobiliyati demak).
"Oilasi - Oʻzbekiston"
Toleʼnomada asosiy sayyoralar osmon gumbazining "toʻrtinchi uyi"da joylashgan (4-uy Nadir (Nazir) chizigʻidan boshlanadi).
"Toʻrtinchi uy" - bu avvalo oila, roʻzgʻor, xoʻjalik ishlari, ota-onaga, oilaviy qadriyatlarga hurmat va ularga bogʻliqlik.
Burj sohibi davlat rahbari boʻlsa, demak mazkur toleʼnomaga "ichki siyosat"ni ham qoʻshish mumkin, yaʼni u uchun tashqi siyosatdan koʻra, ichki siyosat, mamlakat ichkarisidagi muammolar bilan shugʻullanish qulay va afzalroq.
Mamlakat ham uning uchun goʻyoki bir oila va bu oiladagi anʼana, udum, urf-odat va diniy qadriyatlar hamda milliy qahramonlarga befarq emas.
Toleʼnomaning "toʻrtinchi uyi"dagi Uranning holati uning bolaligi risoladagiday boʻlmaganligidan dalolat beradi.
Ehtimol, yashash joyi oʻzgarganligi yoki ota-onasidan biri bilan munosabatning barqaror boʻlmaganligi oqibatida bolalikda u oʻzini toʻlaqonli himoyalangandek, oyogʻi ostida mustahkam zamin bordek his etmagandir.
Ayni paytda, ushbu holat ota-onaning unga nisbatan: "unday boʻl, bunday boʻl", qabilidagi bosimini kamaytirib, koʻproq erkinlik, mustaqillik bergan.
"Maddohlarga saxovatli"
Buyruq berishga oʻch (MS - Jadyida), oʻta qatʼiyatli, tanlagan sohasini uzoq va chuqur oʻrgangan, raqobatlar orqali qadam-baqadam mansab silsilasidan yuqorilab kelgan, koʻproq shaxsiy tajribasi asosida aqlli maslahatlar beradi,
Oʻzi intilgan lavozimiga erishgandan keyin qoʻl ostidagilarga nisbatan - ayniqsa, ular uning shaʼniga madhiyalar bitib turishsa - saxovatli va liberal munosabatda boʻladi.
Qoʻl ostidagilarning oʻtmishi uni qiziqtirmaydi. Uning idealiga koʻproq "odil shoh", "raʼiyatparvar hukmdor", "saxovatpesha podshoh" gʻoyalari yaqinroq.
Ammo toleʼnomadagi Zuhal (Qavsda va "ettinchi uy"da) ijtimoiy, milliy, diniy qadriyatlarni birinchi oʻringa olib chiqadi.
Tabiatan u jamiyat oldidagi burch va majburiyatlarga oʻta jiddiy qaraydi. Bu esa uni ishonchli hamkorga aylantiradi.
"Tashabbuslari depsinadi"
U butun vujudi bilan jamiyatni oʻzgartirishga intiladi. Ammo u boshlagan tashabbuslar har doim ham yutuqqa olib kelmasligi mumkin (sababi Zuhal toleʼnomada retro harakatda).
Retro sayyora ishtirok etganda ishlar baʼzan "depsinib", silliq ketmayotganday tuyuladi.
Bunday vaziyatda munajjimlar qulay fursatni, oʻzining "yulduz soati"ni kutishni maslahat beradi.
(Turkiya prezidenti Erdoʻgʻan toleʼda olti sayyora retro harakatida).
Yangiliklar uchun doim ochiq. Boshqaruvda ham kutilmagan, yangi, favqulodda usullarni qoʻllashdan hayiqmaydi (Uran).
Odamlar bilan tez, yengil munosabatga kirishib ketadi, qanchalik qatʼiyatli boʻlmasin, tabiatida ichki oʻzgaruvchanlikka moyillik bor (Oy - Javzoda), baʼzan kayfiyat bir soat ichida bir necha bor oʻzgarishi mumkin.
Toleʼnomada Oy tugunlari hayotiy yoʻnalishni koʻrsatadi. Mazkur toleʼnomadagi yoʻnalishga qaralsa, u moddiylik, mulk, dunyoviy uygʻunlikdan - ruhoniy evrilishlar sari intiladi (Oy tugunlari: "Raxu" - Aqrabda va "Ketu" - Savrda).
Boshqacharoq aytsak, mulkka intilish uning uchun bosib oʻtilgan yoʻl, ortga qaytish, olgʻa ketish uchun ruhoniyatga, ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurash kabi azaliy qadriyatlarga yuzlanish kerak.
Ushbu toleʼnomada bu ijtimoiy muammolarni hal etish, ijtimoiy adolat kabilar uchun kurash orqali boʻlishi mumkin.
"Arslonpanja izdosh"
Shoir Iqbol Mirzo hali Islom Karimov oʻlimidan soʻng "Arslonpanja panja izdosh" haqida sheʼr bitganida, nimani nazarda tutgani nomaʼlum.
Biroq Karimovdan keyin qudratga kelgan Shavkat Mirziyoyev aynan Asad yoki Arslon burjida tugʻilgan.
Karimov va Mirziyoyev toleʼnomalarini solishtirganda, ularni bogʻlaydigan nuqtalardan biri - Mirziyoyevning "Zuhali" va Karimovning Dalvdagi "Quyoshi" oʻrtasidagi ijobiy nazar (aspekt) - sekstilь ekanligini koʻrish mumkin.
Mirziyoyev ilk chiqishlarida oʻzini marhum prezident ishlarining davomchisi deb taqdim etdi, ammo amalda uning boshqaruv usullari, qarashlari farqli ekanligi maʼlum boʻlib qoldi.
Darhaqiqat, astrologik nuqtai nazardan ham buning imkoni yoʻq.
Sababi Karimov Dalv burji ostida tugʻilgan. Dalv esa Asadga 180 daraja qarama-qarshi burj.
Odatda qarama-qarshi burj vakillarining feʼl-atvori ham oʻzaro teskari, birining ustunligi - ikkinchisining zaifligi yoki aksincha.
Qanday qilib, bir-biriga zid feʼl-atvorli ikki shaxs shu qadar uzoq birga ishlashdi?
Karimov toleьnomasida sayyoralar asosan osmon gumbazining Shimoliy va Gʻarbiy yarimsharlarida joylashgan. Janubiy va Gʻarbiy yarimsharlarda esa deyarli boʻshliq. Mirziyoyevda esa buning aksini koʻrish mumkin. Yaʼni, bu ikki shaxs tabiatlari tubdan oʻzaro qarama-qarshi, ayni paytda, bir-birini toʻldirgan.
Karimov toleʼnomasida individuallik, Mirziyoyevda ijtimoiylik ustun
Ikki rahbar burji solishtirilsa, juda koʻp farqlar haqida gapirish mumkin:
Ikki rahbar toleʼnomasi muqoyasa qilinsa, Shavkat Mirziyoyev marhum Islom Karimov boshqaruv uslubi asosiga qurilgan tizimni oʻziga moslash uchun uni tubdan oʻzgartirishga majbur boʻladi.
Karimov toleʼida nima koʻrinadi?
Bir misol, Karimov toleʼidagi Hut va Hamal chegarasida joylashgan Mirrix va Zuhal qironi uning shaxsini ochuvchi muhim nuqtalardan biri.
Bu birlik toleʼnomaning boshqa nuqtalari bilan bogʻlanmaydi, yaʼni boshqa sayyoralar bilan aniq nazarlarga ega emas (Zuhalning unsuri - Tuproq. U koʻproq Suv va Havo unsurlari bilan chiqishadi. Ushbu oʻrinda u goʻyoki oʻt ichida, chunki Mirrixning ham, Hamalning ham unsuri - Olov ).
Bunday holat toleʼ egasini shaxsiy manfaat yoʻlida bor kuchi bilan intilishga undaydi.
Bu yerda kishi xolis boʻlishi mumkin emas, joʻshqin Mirrix va Hamaldagi Zuhal uni shunday tajribalarga undaydiki, buning oqibatlarini mushohada etishga, hisob berishga unda hatto vaqt boʻlmaydi.
Shu bois bunday odamda ijtimoiy adolat va jamiyat oldida javobgarlik tuygʻusi koʻpincha mavjud emas.
Islom Karimov tugʻilgan burjdagi shaxs har doim hammadan xavotirda boʻladi. U har vaqt oʻzini himoyalashga, hamma narsadan oʻzini qoʻriqlashga ehtiyoj sezadi.
Bunday odam diplomat emas, yolgʻiz harakat qilishni xush koʻradi, uning feʼl-atvori boshqalar bilan hamkorlik qilishga yoʻl qoʻymaydi.
Islom Karimov burjiga qaralsa, u qoʻl ostidagilariga nisbatan oʻta agressiv, har doim oʻz "men"ini birinchi oʻringa qoʻyadi. Shu bois boshqalarni tushunishi, ular bilan munosabat oʻrnatishi qiyin, bundayin odam tashqaridan yordam kutishni va, oʻz navbatida, yordam berishni ham xush koʻrmaydi.
Yuqoridagi ayni soʻzlar Islom Karimov toleʼnomasidagi bir jihat, xolos.
Oʻzbekistonning burji nima?
Astrologiyada hamma narsa, jumladan, mamlakatlar ham muayyan burjga mansub.
Koʻpchilik munajjimlar Oʻzbekiston va unga qoʻshni baʼzi hududlar Saraton burjiga mansub, deb hisoblashadi. Bu - toʻgʻri emas.
Oʻzbekistonning haqiqiy "tugʻilgan kuni" 1991 yilning 31 avgusti emas, balki 1924 yilning 27 oktyabridir.
Ungacha "Oʻzbekiston respublikasi" degan tushuncha mavjud emas edi. Oʻzbekiston aynan ana shu kuni SSSR oilasida "tugʻilib", shakllanib, 1991 yili 31 avgustda mustaqil boʻldi.
Bu xuddi bir odamning tugʻilib, voyaga yetib, balogʻat yoshiga yetgach, mustaqil oila qurgani kabi.
Ushbu oʻrinda bizni "Oʻzbekiston respublikasi" atalmish hududiy birlik qiziqtiradi: Oʻzbekistonning asil burj belgisi - Aqrab.
Mazkur hududiy birlikning "hayot yoʻli", fazilatlari aynan shu burj sifatlariga mos.
Qolaversa, Oʻzbekistonning eng barqaror, bunyodkorlik yillari ham aynan Aqrab — Sharof Rashidov boshqargan chorak asrlik (1959-1983) davrga toʻgʻri keladi.
Oʻzbekiston jamiyatiga xos vazminlik, ayni paytda ehtiroslilik, sirlilik, yopiqlik va koʻplab shunga oʻxshash xususiyatlarni Aqrabdan ham izlash mumkin.
Oʻzbekiston toleʼnomasida - Mirrix Hut burjida. Bu esa oʻzbek jamiyatidagi tinchliksevarlik, andisha kabi fazilatlarni beradi.
Qolaversa, yuqorida aytib oʻtganimiz kabi, Shavkat Mirziyoyev toleʼnomasidagi Oy tugunlari ("Raxu" - Aqrabda) uning hayot yoʻli ruhoniy evrilishlar sari kechishiga ishora qiladi. Shuningdek, uning toleʼnomasi Aqrabga xos xususiyatlar shakllantirilishini ham taqozo etadi.
Shu nuqtai nazardan, Shavkat Mirziyoyev va Oʻzbekiston burjlari oʻrtasida muvofiqlik boʻlishi ehtimoli katta.
Alqissa, biz yuqorida mazkur toleʼnomalarning ayrim jihatlari haqida toʻxtaldik, xolos.
Ular eng umumiy chizgilar boʻlib, ayni xususiyatlar tabiat bergan birlamchi quvvatlardir.
Shu sababli, biz ularga salbiy yoki ijobiy rang berish niyatidan yiroqmiz.
Zero, quvvat bu hali amal emas. Chunki baho natijaga qarab beriladi.
Maqola va jadvallar muallifi: Munajjim A.Amin.
Muallif fikrlari, xulosa va jadvallariBi-bi-si fikri yo qarashini anglatmaydi.
Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook- BBC UZBEK
Google+ BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio
bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring.