Eronni hozir aslida kimlar boshqarmoqda?

Surat manbasi, EPA
- Author, Amir Azimiy
- Role, BBC Persian
- O'qilish vaqti: 4 daq
Eronning AQSh va Isroil bilan hozirgi urushi boshlanganidan beri Tehron tepasida bir oddiy savol muallaq turibdi: hokimiyat kimning qo‘lida?
Rasman olganda, javob aniq. Urushning birinchi kuni, ya’ni 28 fevralda otasi Ali Xomanaiy o‘ldirilgach, o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy oliy rahbarlik lavozimini egalladi.
Islom Respublikasi tizimida bu lavozim hal qiluvchi ahamiyatga ega. Rahbar deyarli barcha muhim masalalarda – xoh urush, xoh tinchlik, xoh davlatning strategik yo‘nalishi bo‘lsin – so‘nggi so‘zni aytadi.
Biroq amalda manzara ancha mavhum.
Donald Tramp Eron rahbariyatini "tarqoq" deb atagan va AQSh Tehronning "yagona taklif" bilan chiqishini kutayotganiga ishora qilgandi.
O‘tgan aprel oyi oxirida Eron rahbarlari mobil telefonlari orqali o‘z fuqarolariga "Eronda murosasiz yoki mo‘’tadil degan narsa yo‘q – faqat bir millat, bir yo‘l bor" degan mazmunda xabar yuborganida, ularning xayolida, shubhasiz, aynan birlik bo‘lgan.
Ko‘rinmas rahbar
Mujtabo Xomanaiy hokimiyat tepasiga kelganidan buyon omma oldida ko‘rinish bergani yo‘q.
Bir nechta yozma bayonotlarni, jumladan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiq qolishi haqidagi bayonotni hisobga olmaganda, uning boshqaruviga oid to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar deyarli yo‘q.
Eron rasmiylari uning dastlabki zarbalar chog‘ida jarohatlanganini tan oldi, biroq tafsilotlarni oshkor etmadi.
The New York Times nashri shu hafta Eron manbalariga tayanib, uning bir necha joyidan, jumladan, yuzidan jarohat olgani va shu sababli gapirishi qiyinlashgani haqida xabar berdi.
Bu holatning ahamiyati katta. Eron siyosiy tizimida hokimiyat nafaqat institutsional, balki namoyishkorona hamdir.
Xomanaiyning marhum otasi o‘z niyatlarini nutqlar, o‘z vaqtidagi chiqishlar va guruhlar o‘rtasida ko‘zga ko‘rinarli hakamlik orqali bildirib turardi.
Hozirda bu ishora berish funktsiyasi deyarli yo‘qolgan.
Natijada bir talqin bo‘shlig‘i yuzaga keldi. Ayrimlar fikricha, Mujtabo Xomanaiyning urush davrida lavozimga ko‘tarilishi unga o‘z shartlari asosida hokimiyatni mustahkamlashga imkon bermadi.
Boshqalar esa uning jarohatlari haqidagi xabarlarga e’tibor qaratib, uning umuman tizimni faol boshqarishga qodirligini shubha ostiga olmoqda.
Qanday bo‘lmasin, qaror qabul qilish jarayoni urushdan avvalgiga qaraganda kamroq markazlashgan ko‘rinadi.
Diplomatik kanallar faqat nomiga ochiq
Qog‘ozda diplomatiya hukumat zimmasida.
Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Eron prezidenti Masud Pezeshkiyon davrida AQSh bilan muzokaralarda Tehron vakili sifatida ishtirok etmoqda.
Biroq ularning hech biri strategiyani belgilayotganga o‘xshamaydi, Eron delegatsiyasiga parlament spikeri Muhammad Boqir Qolibof boshchilik qilayotgani esa ularning vakolatini yanada shubha ostiga qo‘yadi.
Aroqchining roli yo‘naltiruvchilikdan ko‘ra ko‘proq ijrochilikka o‘xshaydi. Uning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochiqmi yoki yopiqmi, degan masaladagi qisqa ikkilanishi – avvaliga qatnov tiklanganini aytib, so‘ng bu fikridan tezda qaytishi – diplomatlarning harbiy qarorlar ustidan naqadar oz nazoratga ega ekanligini yaqqol ko‘rsatib berdi.
Pezeshkiyon esa rejimning umumiy yo‘nalishini yaqqol shakllantirmagan holda, unga ergashmoqda. Nisbatan mo‘’tadil arbob sanalgan siyosatchi hozircha mustaqil yo‘ldan borishdan tiyilib turibdi.
Islomobodda AQSh bilan muzokaralar ikkinchi bosqichda to‘xtab qolgani ham shu fikrni quvvatlaydi.
Hatto diplomatik kanallar ochiq bo‘lganda ham, tizim majburiyat olishga qodir emasdek yoki buni istamayotgandek tuyulmoqda.
Hozirgi jarayonlar Eronda tizimning ishlayotganini, biroq izchil boshqarilmayotganini ko‘rsatadi
Vakolati kengayayotgan harbiylar
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat Eronning eng muhim ta’sir kuchidir. Ammo uni yopish haqidagi qarorlarni diplomatik jamoa emas, balki Ahmad Vohidiy boshchiligidagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) qabul qiladi.
Bu esa real hokimiyatni yopiq eshiklar ortidagi shaxslar qo‘liga topshiradi. Avvalgi inqirozlardan farqli o‘laroq, strategiyaga yaqqol egalik qilayotgan yagona, aniq bir shaxs ko‘rinmaydi.
Buning o‘rniga bir xil manzara kuzatilmoqda: avval harakat, keyin bayonot va ularning doim ham bir-biriga mos kelavermasligi.
Xoh Ho‘rmuzni yopish bo‘lsin, xoh Ko‘rfaz bo‘ylab nishonlarga zarba berish – amalda inqiroz sur’atini aynan IIQK belgilayotganga o‘xshaydi. Siyosiy va diplomatik munosabatlar esa yetakchilik qilish o‘rniga, shunchaki vaziyatga ergashmoqda.
Bu ma’muriy tuzilmalarning izdan chiqqanini anglatmaydi. Biroq bu aniq siyosiy hakamlik yo‘qligi sharoitida IIQKning operativ mustaqilligi, hech bo‘lmaganda, vaqtinchalik kengayganini ko‘rsatadi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
Qolibof sahnaga chiqmoqda
Bu mavhumlikdan foydalanib, Muhammad Boqir Qolibof sahnaga chiqmoqda.
Sobiq inqilob qo‘riqchilari qo‘mondoni, hozirda parlament spikeri bo‘lgan Qolibof ayni damda eng ko‘zga ko‘ringan shaxslardan biriga aylandi.
U muzokaralarga aralashdi, xalqqa murojaat qildi va ba’zi hollarda urushni mafkuraviy emas, balki pragmatik nuqtai nazardan ta’rifladi.
Parlament ichida va konservativ doiralarda muzokaralarga qarshilik hamon kuchli.
Murosasiz signallar kuchayib, davlat OAVlari va ommaviy kampaniyalar muzokaralarni mamlakat dushmanlari oldidagi zaiflik sifatida talqin qilmoqda.
Shu bois Qolibofning mavqei ancha qaltis – u faol, lekin tayinli vakolatga ega emas. Garchi o‘z harakatlari Mujtabo Xomanaiyning istaklariga mos ekanini ta’kidlasa-da, bevosita muvofiqlik alomatlari deyarli yo‘q.
Tepadan keladigan ishoralarga tayanadigan tizimda bu noaniqlik ko‘p narsani anglatadi.

Surat manbasi, Reuters
Amalda birlik bormi?
Umuman olganda, hozirgi jarayonlar Eronda tizimning ishlayotganini, biroq izchil boshqarilmayotganini ko‘rsatadi.
Oliy rahbar hokimiyati mavjud, lekin u yaqqol namoyon etilmayapti. Prezidentlik instituti (rahbariyat bilan) hamohang, lekin yetakchilik qilmayapti. Diplomatiya faol, ammo hal qiluvchi emas. Harbiylar asosiy dastaklarni qo‘lda ushlab turibdi, biroq aniq bir jamoatchilik me’mori yo‘q. Siyosiy arboblar oldinga chiqmoqda, lekin so‘zsiz qonuniylikka (legitimlikka) ega emas.
Bu hali qulash degani emas. Islom Respublikasi o‘z yaxlitligini saqlab qolgan. Ammo bu vaziyat ancha nozikroq bir holatdan – ya’ni, o‘tkir bosimlar chog‘ida o‘zida mavjud dastaklarni (masalan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopish qobiliyatini) aniq strategiyaga aylantirishga qiynalayotgan tizimdan darak beradi. U hamon bir nechta yo‘nalishda harakat qila oladi, biroq o‘zining kuch markazlariga aniq yo‘nalish ko‘rsatishda qiynalmoqda.
Eronning siyosiy modelida esa aynan ishora berish orqali izchillik saqlanadi.
Hozircha tizim o‘z mavqeini saqlab, ortib borayotgan bosimlarga qaramay, nazoratni qo‘ldan bermayapti va har qanday ko‘zga ko‘rinarli parchalanish oldini olyapti. Biroq, birlik amalda bormi yoki shunchaki da’vo qilinyaptimi, degan savol tobora ko‘proq kun tartibiga chiqmoqda.































