Yurib yel chiqarish mustahkam sog‘lik garovimi?

    • Author, Sara Bell
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Yel chiqarganimizni ko‘pchiligimiz tan olgimiz kelmaydi.

Biroq, ovqatdan keyin ortiqcha gazni chiqarish uchun yurish mashqi bo‘lgan "el chiqarish sayri" ijtimoiy tarmoqlarda sog‘lomlashtirish trendiga aylandi. Bu hammamizga kerakli mashg‘ulotmi?

Uning tashabbuskorlari orasida professional xonadon iqtisodchisi va aktrisa Meyrlin Smit bo‘lib, uning eri bilan sayr qilgan videolari Instagram va TikTok'da millionlab marta ko‘rilgan.

"Ko‘p yillar oldin biz kechki ovqatdan keyin itimizni sayr qildirardik va buni "el chiqarish sayri" deb atay boshladik – chunki biz tashqariga chiqib yel chiqarardik va buni itga to‘nkardik," deya tushuntiradi u hazil bilan.

Nima uchun "el chiqarish sayrlari" foydali?

G‘oya va uning nomi kulgili bo‘lishi mumkin, ammo "el chiqarish sayrlari"ning sog‘liq uchun foydasi bor – birinchi navbatda, ovqatdan keyin to‘planib qolgan gazni chiqarib yuborishga yordam beradi.

Buning sababi, ovqat, suv yoki so‘lakni yutganingizda, havoni ham yutasiz va u hazm qilish tizimida to‘planadi. Hazm qilish jarayonida va hazmi og‘ir oziq-ovqatlarni iste’mol qilishda ham gazlar to‘planishi, ba’zi dori-darmonlar va oziq-ovqatni ko‘tara olmaslik qorinni dam qilishi mumkin.

"Yurganingizda, aslida, oshqozon-ichak yo‘llarini massaj qilasiz. Bu barcha gazlarni chiqarib tashlashga yordam beradi, – deydi Kanadaning Toronto shahridan sakkizta bestsellerga aylangan pazandalik kitoblari muallifi Meyrlin.

Jismoniy mashqlar, shuningdek, yo‘g‘on ichakdagi mikroblar – ichaklarimizda yashaydigan mayda organizmlar, ayniqsa, qisqa zanjirli yog‘ kislotalarini ishlab chiqaradiganlari miqdori ijobiy o‘zgarishiga olib keladi. Bular ichak salomatligi uchun foydali moddalardir.

"Mikroblar ichakda tabiiy uchraydigan o‘t kislotalari deb ataladigan boshqa moddalarni ham o‘zgartiradi. Shu ikki o‘zgarish ichakning harakatchanligini oshiradi va aynan shu narsa qabziyatni yengillashtiradi hamda odamlarga gaz chiqarishga yordam beradi," deya tushuntiradi ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari bo‘yicha Guts UK xayriya tashkilotining axborot menejeri Juli Tompson.

Ma’lumki, piyoda yurish yurak-qon tomir salomatligiga yordam beradi, immunitetni oshiradi, qondagi qand miqdorini barqarorlashtirish va uning keskin ko‘tarilishi oldini olish orqali 2-tur qandli diabet rivojlanish xavfini kamaytirishga yordam beradi.

"Ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng o‘tirmay harakat qilsangiz, mushaklaringiz ovqatdan keyin qondagi glyukoza uchun gubka kabi ishlaydi," deb tushuntiradi Meyrlin.

"Bu xavfni kamaytirishning yagona yo‘li emas, ammo kichik odatlardan biri bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan foydasi ortib boradi."

"Yel chiqarish sayrlari" va tolali taomlar

"Yel chiqarish sayrlari" odamlarga ko‘proq tola iste’mol qilishiga yordam beradi, deydi Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan dietolog Emma Bardvell, u tola haqida kitob yozgan.

"Dunyo bo‘yicha taxminan 90 foiz aholida tola iste’moli kunlik tavsiya etilgan 30 grammga yetmaydi. Menimcha, odamlarni qorin dam bo‘lishi va gaz kabi ko‘plab nojo‘ya ta’sirlar cho‘chitadi. Shuning uchun bu "el chiqarish sayrlari" eng yaxshi choradir", deydi u.

Bu muhim, chunki tola iste’mol qilish sog‘liq uchun foyda keltiradi.

"U xolesterinni pasaytirishga, qondagi glyukoza miqdorini nazorat qilishga, qabziyat oldini olishga yordam beradi. Hatto yurak kasalliklari, 2-tur qandli diabet va ba’zi turdagi saratonlar, ayniqsa, yo‘g‘on ichak saratoni oldini olishga yordam beradi," deydi Emma.

Tola, shuningdek, ichak mikrobiomasini tashkil etuvchi ichak mikroblarini oziqlantiradi.

"Ular bu tolani iste’mol qiladi, uni fermentlaydi, metabolitlarni yaratadi, keyin bular tana bo‘ylab tarqaladi va ko‘plab foyda keltiradi, B12 kabi vitaminlarni sintez qilishdan tortib serotonin kabi neyrotransmitterlarni yaratishgacha – bu hatto kayfiyatni yaxshilashga ham yordam berishi mumkin," deb tushuntiradi u.

Ruhiy salomatlik uchun foydasi

Ochiq havoga chiqish va sayr qilish ruhiy salomatlikni yaxshilaydi, chunki jismoniy mashqlar endorfinlar va serotonin kabi foydali kimyoviy moddalarni ishlab chiqaradi. Shuningdek, u sizni tashvishlardan chalg‘itishga va yaxshiroq uxlashga yordam beradi.

Piyoda yurish munosabatlaringizni ham mustahkamlaydi. Meyrlinning aytishicha, ular ko‘p vaqt karьera va oila bilan band bo‘lganlarida, bu er-xotin vaqt o‘tkazishi uchun yaxshi usul.

"Mabodo erim uyda bo‘lmasa, do‘stim yoki qo‘shnim bilan aylanaman va bu aloqa o‘rnatishning ajoyib usuli," deydi u.

Meyrlin Kovid pandemiyasi paytida odamlarni xursand qilish uchun Instagram'da o‘z sayrlarini joylashtira boshladi. Keyin, 2023 yilda u muzda sirpanib yiqildi va bosh miya jarohati oldi – videolar yozish uning sog‘ayish jarayonining bir qismiga aylandi.

"Men shunchaki telefonimni olib, bu haqda gapira boshladim va o‘yladim: «Agar men shu bilan esda qolsam, juda qiziq bo‘lardi," deydi u.

"Yel chiqarish" sayri qanday bo‘ladi?

Ideal holda, har ovqatdan so‘ng harakat qilish kerak, lekin eng yaxshi vaqt asosiy taomdan keyin, ko‘pchilik uchun bu kechki ovqatdir.

Qat’iy qoidalar yo‘q, ammo Emma ovqat hazm bo‘lishi uchun taxminan 30 daqiqadan bir soatgacha kutishni tavsiya etadi. Sayr uzoq va og‘ir bo‘lishi shart emas.

"O‘n daqiqa kifoya. Murakkablashtirmaslik kerak," deydi u.

Buning uchun o‘zingizga qulay poyabzal va ob-havoga mos kiyim kerak, xolos.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Emma aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda sog‘lom bo‘lish ba’zan qimmat uskunalar bilan haddan tashqari murakkablashtiriladi.

"Ovqatdan keyin sayr qilish haqida gapirish juda yoqimli, chunki bu ko‘pchilik uchun tushunarli, mutlaqo bepul," deydi u.

Meyrlin qo‘shimcha qilishicha, "el chiqarish sayri"ni kundalik odatga aylantirish sog‘lom turmush tarzini ta’minlovchi "ajoyib kichik odat"dir.

"Ana shunday kichik odatlar sizga yo‘ldan adashmay, o‘zingizni yaxshi his qilishingizga yordam beradi," deydi u.

"Bu g‘oya ommalashganidan juda xursandman, chunki mening yagona maqsadim odamlarni o‘rnidan turishga undash edi".