You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Gruziya: Prezident saroyiga hujum, qalampir purkagichlar va yirik jarimalar
Gruziya poytaxti Tbilisidagi prezident saroyiga bostirib kirishga uringan aksil-hukumat namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ortidan besh kishi hibsga olingan.
Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagichlarni ishga solishgan.
Mamlakat o‘tgan yilda «Gruzin orzusi» partiyasi hukumat tepasiga kelganidan beri siyosiy inqiroz ichida qolmoqda. Yevropa Ittifoqi (YeI)ga qo‘shilishni targ‘ib qiluvchi muxolifat bu saylov o‘g‘irlanganini da’vo qilgan.
Saylovdan beri hukumat YeIga qo‘shilish muzokaralarini to‘xtatib qo‘ydi.
Namoyishlar mahalliy kengashlar saylovlari bilan bir vaqtda yuz berdi. Muxolifat hukumat bosimi tufayli bu saylovlarni boykot qilganini aytgan.
"Gruziya orzusi" 80%dan oshiq ovozlar bilan har bir saylov okrugida aksar ovozni oldi.
Hibsga olinganlar orasida namoyishni uyushtirganlardan biri – taniqli opera qo‘shiqchisi Paata Burchuladze ham bor.
Avvalroq qilgan chiqishida u Ichki ishlar vazirligini xalq irodasiga bo‘ysunishga va «Gruzin orzusi»ning olti yuqori darajali a’zosini hibsga olishga chaqirgan.
Hukumatga ko‘ra, 21 politsiyachi va olti namoyishchi jarohatlar bilan kasalxonaga olib ketilgan.
Shanba kuni minglab namoyishchilar Tbilisi markazida Gruziya va YeI bayroqlari bilan yurish qildilar.
Ular so‘ngra prezident saroyiga yaqinlashib unga kirishga urindilar va g‘alayon politsiyasining qalampir purkagichlariga yuz tutdilar.
G‘arbparast muxolifatning aksar liderlari hozirda panjara ortida. Oxirgi oylarda hukumat faollar, mustaqil matbuot va siyosiy muxolifatni bosim ostiga olgan.
Yakshanba kuni Bosh vazir Irakli Kobaxidze namoyishlarni hukumatni ag‘darish harakati deb atab, «hech kim jazosiz qolmaydi», dedi.
21 yoshli Ia va uning do‘stlari namoyishga qora kiyimlarda, kaska va protivogazlar bilan tayyorlanib kelishgandi.
"Agar rangli nimadir kiysak, bizni aniqlab olish oson bo‘ladi. Aniqlab olishsa, qamashadi», - deydi u Rustaveli ko‘chasida o‘rnatilgan sun’iy aql kuzatuv kameralariga ishora qilib. Shu kameralar oxirgi namoyishlarning nishoniga aylangan.
Hukumat yuzlab namoyishchilarni «ko‘chalarni to‘sish» kabi noqonuniy amalda ayblab, yirik 5 000 lari (($1,835)lik jarimaga tortgan.
«Men «Gruzin orzusi» ketishini istayman. Mamlakatim qaytarib berilishini istayman. Men tinch yashashni va noqonuniy qamoqqa tashlangan do‘stlarim ozod etilishini istayman», - deydi Ia.
Ia hukumatdagi partiyani «Rus orzusi» deya hazilomuz tasvirlaydi. Uning fikriga bu yerdagi ko‘plab namoyishchilar ham qo‘shiladi.
Viloyatlarda «Gruzin orzusi»ni tinchlikni saqlovchi kuch sifatida qo‘llab-quvvatlashadi, ammo shaharlardagi ko‘p gruzinlar hukumatni Rossiya manfaatlarida ishlayotganiga ishonadilar.
Ba’zi namoyishchilarga ko‘ra, prezident saroyiga bostirib kirish rejasi yo‘q edi, lekin qator radikallar bunga qo‘l urdilar.
O‘tgan noyabrda hukumat YeIga qo‘shilish muzokaralarini to‘xtatganidan beri Tbilisida har tun namoyishlar bilan o‘tadi.
Namoyishchilar siyosiy mahkumlar ozod etilishi va favqulodda parlament saylovlarini o‘tkazilishini talab qilishmoqda.