Yo‘qotilgan avlod: Bi-bi-si Rossiyadagi mefedron muammosini o‘rgandi. Video

Diqqat! Matnda giyohvand moddalarni tayyorlash va iste’mol qilish sahnalari bor.
Rossiyada o‘smirlar orasida sintetik giyohvand moddalar epidemiyasi kuzatilmoqda: o‘smirlar "kambag‘allar kokaini" deb ataladigan arzon va kuchli mefedron giyohvand moddasini iste’mol qilmoqda, tarqatmoqda va o‘zlari ham tayyorlamoqda. Uni ishlab chiqarish va sotish usullari politsiya uchun ularga qarshi kurashni juda qiyinlashtirmoqda: bitta diler va tayyorlovchi o‘rniga bir zumda ko‘plab yangilari paydo bo‘lmoqda. Mefedron uchun xom ashyo Xitoydan keltiriladi, Xitoy esa uning eksportini nazorat qilmaydi, yetkazib berish esa hammaning ko‘z o‘ngida katta hajmdagi qonuniy yuk orasiga yashiriladi.
BBC Eye surishtiruv loyihasi giyohvand moddalarni ishlab chiqarish, tarqatish va iste’molining butun zanjirini o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi va bu narkotikning yosh rossiyaliklarga yetkazayotgan zarari haqida hikoya qiladi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
"Orzular ushaladi"

2023 yil 22 iyul kuni 18 yoshli Maksim (ismi o‘zgartirilgan) Rossiya janubidagi kichik shahar markazidagi ijaradagi uyda uyg‘ondi. Ertalab soat o‘nda quyosh charaqlab turar, Maksim esa kafedagi smenasiga kechikayotgan edi. Uyda tartibsizlik hukmron edi. Stollarda – lattalar, shisha idishlar va plastik shpritslardan iborat aralashma; burchakda – axlat paketlari uyumi; oshxonada – bo‘sh shisha idishlar orasida yotgan soda qutilari.
Maksim ustiga ko‘rpa yopmay, kiyimda yotishga o‘rganib qolgan edi. Baland bo‘yli, yelkador, sochi kalta olingan, bilagida og‘ir soati bor Maksim yoshiga nisbatan kattaroq ko‘rinardi. Yigit chaqqon o‘rnidan turdi-da, sport sumkasini olib, uydan chiqdi.
Zinapoyada u yo‘lak derazasidan tashqariga qaradi. U yerda, yong‘oq daraxti o‘sgan hovlida, uning aytishicha, "sport kiyimidagi ikki yigit" turardi. Maksim o‘yga toldi – so‘nggi bir necha haftadan beri uni doimiy vasvasa ta’qib qilib kelardi: kechalari uyga hozir bostirib kirishadi, degan vahimali tushlar azoblardi. Kunduzi ishga chiqqanda, Maksim kuzatishmayotganiga amin bo‘lish uchun uyni aylanib chiqardi.
Ammo 22 iyul kuni ertalab u shoshayotgani sababli qo‘rquvlariga e’tibor bermaslikka qaror qildi va tezda yo‘lakdan chiqdi. Unga darhol hujum qildilar, so‘ng boshiga qop kiydirib, mashinaga tiqdilar. "Men bo‘shashdim. Uzoq kutilgan hordiq oni," deb yozadi u keyinchalik kundaligiga. Maksim mashinada biroz yolg‘iz qolgach, qo‘shiq ayta boshladi: "Orzular ushaladi. Va ushalmaydi... Yaxshilik unutilmaydi."
"Buning ustiga pul ham topa olamanmi?"
Keyingi bir necha oy davomida yigit o‘z hayotini ikkita daftarda – kundalik-xotiralarida tasvirladi. Maksim buni "e’tirof" deb atadi va daftarlardan birining ustiga (muqovasida sariq mushukcha ayiqchaga yopishib, boshini bir tomonga egib o‘ynayotgan tasvir bor) o‘zining taxallusini yozdi: MANDRAGORA.
"Oilamizda og‘ir davr bo‘lgan. Uzoq vaqt qashshoqlikda yashaganmiz," deya bolaligini eslaydi Maksim. Oila Uraldan Rossiya janubidagi kichik shaharga ko‘chib o‘tdi va imorat soldi. Beton pol ustida kurtkalarda uxlashga to‘g‘ri kelardi, qurilishdan qolgan taxtalarni yoqib isinishardi. "Bir yildan so‘ng o‘gay otam vafot etdi, biz yolg‘iz qoldik – men, onam va to‘rt yoshli singlim," deb yozadi Maksim.
Maksimning onasi Tatyana hamshira bo‘lib ishlar, lekin oilaga pul yetmasdi. Maksim "yangi kiyim kiygan, telefonlari va maktab tushliklari bor" sinfdoshlari oldida "o‘zini g‘irt ahmoqdek his qilardi." Qo‘shimcha pul topish uchun u donalab sigaret sotdi, keyin esa jiddiyroq ish topishga qaror qildi.
15 yoshida Maksim "Avito", "XX.ru" saytlarini titkiladi. Lekin 15 yoshli bolani hech kim qonuniy ishga olmasdi." Yigit Telegram'ga "ish qidirish" so‘zini yozib, darhol giyohvand moddalar do‘konidagi kladmenlik vakansiyalarini ko‘rdi.
Rossiyada giyohvand moddalar savdosi allaqachon internetga o‘tgan va shaxssizlashgan: xaridor sotuvchidan narkotik tashlab ketilgan joy koordinatalarini oladi (u odatda, giyohvand moddaning kichik partiyasi) va borib o‘zi topadi. Bu "xazina"ni u yerga kladmen qo‘yib ketadi. Kladmen giyohvand moddaning ulgurji partiyasini oladi, so‘ng uni mayda qismlarga qadoqlaydi. Ularni alohida joylarda qoldirib, keyin koordinatalarni kuratorga yuboradi. Kurator esa koordinatani xaridorga uzatadi.
Kladmenlar, odatda, har bir qoldirilgan narkotik uchun pul oladi (hisob-kitoblar kriptovalyutada amalga oshirilishi mumkin), ammo ular daromadlaridan ko‘ra ancha ko‘proq xavfli ish qilishadi. Rossiyada kladmenlar ko‘pincha yoshlar bo‘lib, ular bu ishi uchun uzoq muddatga qamalib ketadi.

Maksim masterkladning manzilini olishi kerak edi – uni olib, chakana qadoqlab, shahar bo‘ylab tarqatishi kerak edi: "Men do‘stim bilan oxirgi partada o‘tirardim. U o‘zining va mening topshiriqlarimni bajarar, men esa titrab-qaqshab manzilni kutardim. To‘rtinchi darsda manzilni oldim va oltinchi dars oxirida marshrutkaga o‘tirib, shaharga jo‘nab ketdim."
Koordinatalar qor bosgan o‘rmon chekkasiga olib bordi: "Qorong‘u tushguncha qorni kavlab, "xazina"ni topolmayotganim haqida kurator bilan yozishdim. Telefonim onamning qo‘ng‘iroqlaridan tinmay jiringlardi, kurator esa ishni ertaga qoldirishga ruxsat bermasdi. Shuning uchun uyga qaytib, kechasi mollarni joylarga tarqatish uchun yashirincha chiqib ketdim."
15 yoshli Maksimga har bir "xazina" uchun 200-300 rubl to‘lashardi: "Shunday arzimas pulga ishlash ahmoqlik edi," deb o‘yladi Maksim bir necha yil o‘tgach. Biroq yigitni nafaqat pul, balki taqiqlangan moddalarni sotishdan olingan adrenalin ham qiziqtirardi: "Buning ustiga pul ham topa olamanmi? Bu shunchaki ajoyib edi."
Topgan puliga ba’zan uyiga oziq-ovqat xarid qilardi, bir kuni esa o‘ziga sifatli mo‘ynali palto sotib oldi. "Birinchi oy bu paltoni karavot tagidagi xaltada saqladim," deydi Maksim: u onasiga qimmatbaho kiyimni qayerdan olganini tushuntira olmas, shuning uchun uning oldida paltoni kiyishdan qo‘rqardi.
Shunday qilib, Maksim bir-ikki yil ishladi. 16 yoshida maktabning to‘qqizinchi sinfini tugatib, oshpaz bo‘lib ishlar ekan, giyohvand moddalar do‘koni kimyogarlarni – Rossiyadagi eng ommalashgan mefedron giyohvand moddasini sintez qila oladiganlarni qidirayotganini ko‘rib qoldi.
"Kambag‘allar kokaini"
Mefedron 2000-yillar boshida paydo bo‘ldi, uni Dr Zee taxallusi bilan ishlagan isroillik kimyogar ommalashtirgandi.
Mefedron boshqa sintetik giyohvand moddalarga qaraganda tezroq miyaga ta’sir qilib, eyforiyani, quvvatni, jinsiy mayl va gapdonlikni kuchaytiradi, ammo ta’siri tez yo‘qolib, kuchli abstinent sindromini (xavotir va tushkunlikni) yuzaga keltiradi. Shu sababli unga tez o‘rganib qolishadi.

2010 yilda Rossiya mefedron va uning tarkibiy qismlarini taqiqladi, ammo bu uning ommaviyligi, ayniqsa, o‘smirlar orasida o‘sishini to‘xtata olmadi. Psixolog va reabilitatsiya markazi xodimi Irina Medved hamda Bi-bi-si bilan suhbatlashgan reabilitatsiya markazi direktorining fikricha, hozir giyohvand moddalarni 12 yoshdayoq sinab ko‘rishmoqda, 14 yoshga kelib esa ko‘pchilik mefedronni muntazam iste’mol qilmoqda.
Giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchilar bilan ishlaydigan xayriya tashkiloti xodimi, amaliyotchi narkolog Denis ta’kidlashicha, o‘smirlarda qaramlik juda tez shakllanadi va yordam berilmasa, oxiri halokatli bo‘lishi mumkin – odatda baxtsiz hodisa yoki o‘z joniga qasd qilish tufayli. Shu bilan birga, yordam olish mushkul: qaram o‘smirlar arosatda qolib ketadi. "Biz butun bir avlodni yo‘qotmoqdamiz," deya xulosa qiladi Denis.

Mefedron Rossiya narkobozorining uchdan bir qismini egallaydi. Rossiya darknetini o‘rganuvchi "DarkMetrics" tadqiqot loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, bir oyda to‘rtta darknet-marketpleys foydalanuvchilari mefedron haqida jami 312 mingga yaqin sharh qoldirgan – bu umumiy sharhlarning uchdan bir qismidir. Tadqiqotchilar fikricha, bu raqam ortida oyiga taxminan 700 mingta haqiqiy xarid bo‘lishi mumkin (chunki foydalanuvchilar har ikkinchi yoki uchinchi xaridga sharh qoldirishi ehtimoli yuqori).
2024 yilning bir kunida Rossiya shaharlarida 617 kg mefedron (ikkita eng yirik marketpleys ma’lumotlariga ko‘ra) olib ketishga tayyor qilingan – bu ham sotib olishga tayyor bo‘lgan moddalar umumiy hajmining uchdan bir qismini tashkil etadi.
"U kambag‘allar uchun kokainga aylandi, – deydi Den (ism o‘zgartirilgan), mefedron ishlab chiqaruvchi yirik laboratoriya kuratori. – Rossiyadagi yoshlar u tugaguncha hidlab turishadi. U tugagach, borib yana sotib olishadi. Yoki ertasiga maktabga, universitetga, bolalar bog‘chasiga borishadi."
"Ayovsiz narkotik"

18 yoshli Olya Moskvadagi laboratoriyaga OIV va gepatitga qarshi qon topshirish uchun keldi. Yelkasidagi ryukzakda kechki ko‘ylak, pardoz-andoz buyumlari va, albatta, toza shpritslar bor edi.
Keyingi 15 daqiqa davomida ikkita hamshira Olyaning qo‘llaridagi tomirlarni topishga rosa urindi – giyohvand moddalarni tomir ichiga yuboraverish oqibatida qo‘llaridagi tomirlar deyarli yo‘qolib ketgani sababli, bir necha urinishdan so‘nggina qon olishga muvaffaq bo‘ldi.
Olya 15 yoshida giyohvand modda iste’mol qila boshlagan. Bunga uni u bilan uchrashib yurgan yigit qiziqtirgandi. Qiz o‘sha paytda Moskva chekkasida ko‘p bolali oilada yashar va yettinchi sinfda o‘qirdi. Ular bino yo‘lagida dorini hidlab ko‘rishdi va bu, qizning eslashicha, "butunlay yangi dunyoni ochdi".
Bir necha hafta o‘tgach, Olya haftasiga bir necha marta mefedron hidlay boshladi – ma’lum bo‘lishicha, uning yigiti narkotik savdosi bilan shug‘ullanar ekan. Olya 15 yoshidan 17 yoshigacha "ko‘pi bilan bir-ikki kun ketma-ket" mefedron iste’mol qilmaganini, ko‘p o‘tmay maktabni tashlab, "aysh-ishrat"ga berilganini eslaydi.

Avvaliga Olyaga yangi hayot yoqdi: "Hozir hamma pul yoki narkotik izlayapti. Mening esa shu bilan savdo qiladigan yigitim bor. Bo‘ldi, men u bilan yuraman". Ammo tez orada muammolar boshlandi – Olyaning yigiti qamaldi, qizda esa mefedronga qaramlik kuchayib bordi: "Men endi mast bo‘lish uchun emas, balki shunchaki uyg‘onish uchun iste’mol qilardim. O‘rnimdan turish uchun. Shunchaki yashash uchun," deb eslaydi Olya.
Pul va mefedron topish uchun Olya "yig‘inlar"ga borardi – Moskva chatlarida erkaklardan "birga hidlash" takliflarini topib, u yerlarga dugonalari bilan borardi: "Qizlar, bir kishi meni chaqirdi, kim birga boradi? Uyimga taksi chaqirib berishadi," deb yozgandi u 2024 yilda o‘z Telegram kanalida. Ushbu postdan biroz yuqorida – oshkora mast Olya baland poshnali tuflida Moskva metrosining o‘tish joyida gandiraklab ketayotgani aks etgan video turibdi. Yelkasida sun’iy mo‘ynadan tikilgan oq po‘stin, qovoqlari pushti rangga bo‘yalgan, oppoq yuzini bezab turgan yorqin pardoz-andoz. "Yana ukol qilamizmi? – deb so‘raydi Olya uni videoga olayotgan do‘stidan. – Qani?"
Telegram'dagi chatlardan birida uni moskvalik 60 yoshli tadbirkor topib olgan. Olya ilgari dugonasi u bilan gaplashganini eslaydi. Uchrashuv oldidan erkak unga yozishmalarda oddiy savollar berardi: "Sen yaxshi o‘qiysanmi? Nechanchi sinfdasan? Ota-onang kim bo‘lib ishlaydi?" Olyaning dugonasi u bilan "shunchaki suhbatlashish" kerakligini aytdi. Ammo tezda ma’lum bo‘lishicha, erkak 15 yoshli Olyadan seks kutgan. "U menga yo mefedron berardi yoki mefedron uchun sarflaydigan pulimni berardi". Olya bu erkak bilan bir necha marta uchrashgan: "Narkotikni qabul qilib, uning oldiga borardim. Hushyor holda umuman iloji yo‘q edi". Ko‘p o‘tmay u Olyadan dugonalarini ham taklif qilishni so‘radi.

Olyaning aytishicha, har bir yangi qiz uchun foiz belgilangan: "Unga maktab o‘quvchilari kerak edi. Men unga dugonamni olib kelishim mumkinligini yozardim. U: "Suratlarini ko‘rsat. Yoshi nechada, qaerda o‘qiydi?" deb so‘rardi. Mana shunaqa so‘rovnoma, agar u to‘g‘ri kelsa, "Bo‘ldi, kelinglar", derdi. Biz borardik, seks bo‘lardi, naqd pul olardik va ketardik. Keyin men ham qizlardan foiz talab qila boshladim – narkotiklar ko‘proq bo‘lishini xohlayman va narxlar oshib bormoqda edi. Men karavotda yotib, ularning qo‘lidan ushlab, tinchlantirar edim, miyamda esa bir fikr: "Ishingni qil, men pulimni yoki mefedronimni olaman. Sen menga qiziq emassan". Mefedron hamma narsani o‘chiradi: o‘z qadr-qimmatingni, o‘zingga hurmatni, o‘zingga, qarindoshlaringga, yaqinlaringga bo‘lgan muhabbatni. Sigareta qoldig‘ini olib, o‘zingga bossang, [teringda] iz qoladi. Mefedron ham xuddi shunday – hamma narsani kuydiradi. Bu shafqatsiz narkotik," deydi Olya.
2023 yil mart oyida Olyaning onasi 17 yoshli qizini reabilitatsiya markaziga yuborishga qaror qildi. "Men skeletga o‘xshardim, burnim [giyohvand moddalar tufayli] kuygan edi, na ovqat yeya olardim, na uxlay olardim – menga dozadan boshqa hech narsa qiziq emas edi," deb eslaydi qiz. Yopiq turdagi reabilitatsiya markazida qiz yetti oyni o‘tkazdi va chiqish kunlarini sanab yurdi.
Olya bilan 2024 yil mart oyida gaplashdik. U to‘rt oy oldin reabilitatsiya markazidan chiqib, yaqinda ishga joylashdi. Reabilitatsiya markazidan so‘ng Olya baribir mefedronni iste’mol qildi, lekin keyin uni butunlay tashlashga qat’iy qaror qildi.

"Har bir maktab o‘quvchisi tayyorlay oladi"
Bi-bi-si suhbatlashgan barcha reabilitatsiya markazlari xodimlari va narkologlar bir fikrda: mefedron oson topilishi va arzonligi tufayli ommalashgan – uni sotib olish yoki "xazina"ni topish juda oson.
Narkotik ishlab chiqaruvchilar orasida ham mefedron ishlab chiqarish arzonligi va oddiyligi tufayli mashhur. Bi-bi-si suhbatlashgan bozor ishtirokchilari va oldingi tadqiqotlarga ko‘ra, bir kilogramm mefedron ishlab chiqarish tannarxi 30 000 dan 150 000 rublgacha tushadi. Shu bilan birga, kilogrammning chakana narxi ikki million atrofida (Bi-bi-si Dark Metrics ma’lumotlariga asoslanib hisoblagan).
"Mefedron [2000 yillar boshida] paydo bo‘lganida, biz uni narkotik deb hisoblamagandik," deydi Bi-bi-siga sintetik narkotiklarni sintez qilish bo‘yicha qo‘llanmalar yozib pul topuvchi kimyogar-maslahatchi Nikolay (ism o‘zgartirilgan). U 20 yil oldin taqiqlangan moddalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanganini ta’kidlaydi (ko‘rsatmalar Bi-bi-si ixtiyorida, jurnalistlar Nikolay yangi boshlovchilarga maslahatlar beradigan chatda ham bo‘lgan).
"Biroq boshqa sintetik narkotiklarni tayyorlash uchun yuqori aniqlik va qimmat uskunalar kerak. Mefedron esa oshxonalarda ham tayyorlash mumkinligi uchun [narkotik ishlab chiqaruvchilar orasida] ommalashdi."
Uning fikrini Rossiyaga yirik miqdorda narkotiklar yetkazib berish ishlarini tergov qilgan IIV sobiq tergovchisi Renat Kuramshin ham tasdiqlaydi: "Biz katta miqdordagi nasha yetkazib berishni to‘xtatdik. Katta miqdordagi geroin yetkazib berishni ham to‘xtatdik. Ularning o‘rniga nimadir kelishi kerak edi. Mefedron paydo bo‘ldi – uni Rossiyaning markaziy hududlarida ham, qutb doirasidan tashqarida ham oson sintez qilsa bo‘ladi. Istalgan joyda laboratoriyalar tashkil etib, bemalol tayyorlash mumkin."

"Har bir maktab o‘quvchisi tayyorlay oladi," deya xulosa qiladi Nikolay.
Bi-bi-si mefedronni sintez qilish uchun bir qator qo‘llanmalarni ko‘rdi. Ularda giyohvand modda ishlab chiqarish jarayoni batafsil tasvirlangan. "Tushuntirish maktab kimyo kursini uch va undan yuqori baho bilan o‘zlashtirganlarga mo‘ljallangan," deyiladi 157 sahifadan iborat shunday qo‘llanmalardan birining kirish qismida.
Qo‘llanma kerakli moddalarni maishiy kimyo do‘konlaridan yoki aroq tayyorlovchilar do‘konlaridan sotib olishni maslahat beradi (lekin u yerda ham, bu yerda ham "ko‘zga tashlanmaslik kerak"), laboratoriyalar uchun xususiy uylar yoki kvartiralarni qanday topish kerakligini, hidlarni qanday yashirish va zaharli suyuq chiqindilarni qanday yo‘q qilishni batafsil tushuntiradi (qo‘llanma mualliflari aytishicha, tajribasiz "oshpazlar" ularni kanalizatsiyaga to‘kib yuboradi), shuningdek, umumiy maslahatlar beradi (asosiysi – o‘zingiz ishlab chiqargan narsani iste’mol qilmaslik va doim ishonchli bahona topib qo‘yish, masalan, kechasi soat birda nima qilganingizni so‘rashsa: "hojatga chiqqandim deyish ham bahona").
Yashirish choralariga qaramay, Rossiyada mefedron ishlab chiqaruvchi laboratoriyalar har ikki-uch kunda yopilmoqda – faqat 2024 yilda 138 dan ortiq shunday laboratoriya yo‘q qilindi (bu IIV yo‘q qilgan barcha narkologiya laboratoriyalarining yarmi).
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Maksim tayyorlashni boshlash uchun dark-marketpleyslardan birida mefedron sintezi uchun asosiy to‘plam – "konstruktor"ga buyurtma berdi. Bunday to‘plamlar ishlab chiqarishning oddiyligi tufayli konstruktor deb ataladi – to‘plamda bir nechta raqamlangan idishlar bo‘lib, "bir va ikkini aralashtirib, uchga qo‘shing" kabi ko‘rsatmalarga amal qilish kifoya. "Xuddi lego o‘yinchoqlaridan ajdar yasagandek. Lego qutisida ortiqcha bo‘laklar bo‘lmaganidek, bu to‘plamda ham ortiqcha narsa yo‘q. Qo‘llanma bo‘yicha reaktivlardan mefedron yig‘asiz," deb tushuntiradi Maksim.
Yigit tashlandiq hammomda "taom"ni tayyorlashga qaror qildi – u yerda elektr borligini tekshirdi, kolbalarni joylashtirdi va ishga kirishdi. Ammo nimadir xato ketdi va reaktsiya paytida kolba portlab, reaktivlar tashqariga to‘kildi.
"Hammom o‘ta xavfli joyga aylandi. Tanam yonar, ko‘zlarim ochilmas, burnim nafas ololmasdi." Ko‘chaga yugurib chiqqan Maksimning ko‘ngli aynib, tez-tez hojatga chiqa boshladi. "O‘laman deb o‘ylagandim," deb eslaydi u Bi-bi-siga bergan kundaligida. Avtobusda uyga qaytayotganda, Maksim yo‘lovchilar hid tufayli undan yuz jiyirayotganini payqadi.
Keyingi tajribalar ham muvaffaqiyatsiz chiqdi va faqat to‘rtinchi yoki beshinchi urinishda Maksim mefedron sintez qilishga erishdi. "Bu yuz gramm juda tez sotildi, – deb eslaydi yigit. – "[Narkotik sintezi] umuman qo‘rqinchli emas ekan. Shunchaki nima qilayotganingizni tushunmaysiz. Mana, bu yerda: bir bilan uchni aralashtiring, deb yozilgan. Siz shunchaki bir bilan uchni aralashtirasiz. Menda shunday yoshlik maksimalizmi bor edi. Buning oqibati nima bo‘lishini tushunmasdim. Hatto kanal ochib, yutuqlarimni internetda ko‘rsatardim."

Bi-bi-si Maksimdan ko‘plab tengdoshlari u ishlab chiqargan mefedronga qaram bo‘lib qolganidan vijdoni qiynalish-qiynalmasligi haqida so‘radi.
"Nima bo‘pti? Men ham mefedronga qaram bo‘lib qoldim-ku, – deb tez javob berdi Maksim. – 15 yoshimda menga narkotik sotgan allaqanday sotuvchini ayblamayman. Bu har kimning shaxsiy ishi. Har kim iste’mol qilish yoki qilmaslikni o‘zi hal qiladi. O‘z hayotiga nuqta qo‘yish yoki qo‘ymaslik ham o‘ziga bog‘liq."
17 yoshida Maksim ikki tomonlama hayot kechirardi – ijaradagi xonadonda yashar va kafeda oshpaz bo‘lib ishlardi. Ertalab ishga chiqib, tushga yaqin uyga qaytar va mefedron tayyorlashni boshlardi: laboratoriyani tashlandiq hammomdan ijaraga olingan xonadonga ko‘chirgan, u yerda kimyoviy reaktsiya hidini yashirish uchun mo‘ri va eshik tirqishlarini berkitgan edi. Xonada katta kolba bo‘lib, unda reaktsiya borardi, bu jarayon taxminan 12 soat davom etardi, shuning uchun tongda Maksim yana qonuniy ishga jo‘nardi.
Ishxonada yigitdan g‘alati hid anqiyotganini sezib, nima gapligini so‘rashardi – Maksim "bino yo‘lagidagi kimyoviy ishlov"ni bahona qilardi. Onasiga esa narsalarimni sabzavotlar yonida qoldirgandim, hidi uribdi derdi. Tatyana uning uyida bir necha marta bo‘lgan, lekin hech qanday shubhali narsa sezmagan edi.
"Haftada bir qo‘lga tushganimni tush ko‘rardim. Sovuq terga botib uyg‘onib, hamma narsani hojatxonaga tashlar, kolbalarni sindirardim," deb eslaydi u.
Nima uchun baribir giyohvand moddalarni sintez qilishni davom ettirdingiz, degan savolga Maksim biroz o‘ylanib, tezda javob topadi: "Bu ham xuddi narkotik kabi. Bir marta sotdingiz. Bu bilan pul ishlash mumkinligini tushunasiz. Bu sizga adrenalin, yangicha his beradi. Uzoq vaqt ishlaganingizda qaramlik paydo bo‘ladi va ichki ovozingizni to‘xtatib, "Yo‘q, bo‘ldi, narkotik sotmayman deyish qiyin bo‘ladi. Bunday bo‘lmaydi. Ichingizda nimadir sizni shunga undayotgandek tuyuladi."
Kundaligida Maksim ancha ochiq yozgan edi: "Narkotrafik – mening qaramligim, busiz hayotim izdan chiqadi."
"Krossovkadan vibratorgacha" – Rossiyaga narkotiklar uchun xomashyo qanday yetkazib beriladi

Quyoshli shanba kuni 17 yoshli Den (ism o‘zgartirilgan) janubiy mamlakatlardan birida ijaraga olingan xonadonning balkonida o‘tirib, veyp chekar, qo‘lidan telefonini qo‘ymasdi. Den – darknet-do‘konlardan biri ishchisi – do‘kon laboratoriyalari uchun xomashyo, kimyoviy moddalar va uskunalar yetkazib berishni muvofiqlashtirardi. O‘sha kuni u mefedron ishlab chiqarishni masofadan turib kuzatdi – reaktsiyani bajarishi kerak bo‘lgan kimyogarlarga maslahat berdi.
Ular muntazam qo‘ng‘iroq qilib, tafsilotlarni aniqlashtirardi (bunday qo‘ng‘iroqlarning bir nechtasi Bi-bi-si muxbirlari yonida bo‘lgan, Den ularga "oshpazlar" bilan yozishmalarni ham ko‘rsatdi). Den bilan uchrashishdan oldin Bi-bi-si muxbirlari ko‘p oylar davomida u bilan suhbatlashib, uning haqiqatan ham xomashyo yetkazib berish va narkotik ishlab chiqarishga aloqadorligini tekshirgan edi. Intervyuga Den astoydil dazmollangan oq ko‘ylakda va alkogolsiz pivo bilan keldi.
O‘sha kungi qo‘ng‘iroqlardan birida kimyogarlar uskunalar oqib ketayotgani va internet barqaror emasligidan shikoyat qilishdi. Qo‘ng‘iroq birdan o‘chdi. Den, ehtimol, politsiya kelgandir, ehtimol, bug‘ burunlariga kirgandir, balki shunchaki telefon o‘chib qolgandir, deb taxmin qildi.
Den o‘zi haqida ko‘p gapirmaydi: u hali 18 yoshga to‘lmagan, narkobiznes bilan esa bir necha yildan beri shug‘ullanadi. Asosiy muammolardan biri – Rossiyaga mefedron uchun prekursorlarni – xomashyoni yetkazib berishdir. Ular ikkita: **4 va 4** bo‘lib, bir kilogrammi 18-40 ming rubl turadi. Asosiy qiyinchilik narxda emas, balki olib kirishda: 2022 yildan har ikkala modda narkotik prekursorlari ro‘yxatiga kiritilgan va ularning aylanmasi juda cheklangan.












