You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Mirziyoyev nevarasi rasmiy safarda, homilada "aybdor" ayollar va Karimov haqida gapirish mumkinmasmi?
Homilaga faqat ayol sababchimi?
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov 14 oktyabrь kuni bo‘lib o‘tgan prezident boshchiligidagi selektordan so‘ng «O‘zbekiston 24» telekanaliga gapirar ekan, ayollarning ketma-ket farzand ko‘rishini tanqid qildi.
Uning aytishicha, prezident majlisida ayollar intervalga rioya qilmagan holda bir yilning ichida ikki marta homilador bo‘lishi, nosog‘lom va nimjon bolalarni tug‘ishi haqida gap ketgan.
«Hurmatli prezidentimiz mana shu holatlarni vujudga kelmasligi uchun, yangi O‘zbekistonni quruvchi barkamol avlod, sog‘lom avlod dunyoga kelishi uchun, albatta, mahalla, xotin-qizlar qo‘mitasi, diniy ulamolar, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda joylardagi tibbiyot xodimlarining yana ham mas’uliyat bilan vazifalarga qarashlari bo‘yicha tanqidiy munosabat bildirdilar», — dedi Xudayarov.
Vazirning aytishicha, bu masalalar aholi orasida keng muhokama qilinadi va unga qarshi choralar targ‘ibot qilinadi. «Agar mana shunday holatlar takrorlanadigan bo‘lsa, buni mahalla darajasida muhokama qilib, buni bartaraf etish choralarini ko‘riladi», — dedi vazir.
Ammo, vazir homilani rejalashdagi erkaklar roliga to‘xtalmadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Prezidentning nevarasi rasmiy safarda
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi, Prezident administratsiyasining rahbari Saida Mirziyoyeva Britaniyaga qilgan rasmiy safariga o‘g‘li Miromonni ham olib keldi.
Mirziyoyeva xonim Oksford universitetiga qilgan tashrifidan ulashgan suratlarida o‘g‘li Miromonning ham tadbirlarda ishtirok etayotganini ko‘rish mumkin.
Prezidentning nevarasi bundan avval ham mamlakat ichidagi turli tadbirlarda ko‘rinish bergan, lekin bu uning rasmiy xorijiy safardagi ilk ishtiroki deb ko‘rilmoqda.
Uning aynan qanday rolda delegatsiya tarkibida safar qilayotgani va uning ishtirokiga bog‘liq xarajatlarni kim qoplayotgani bo‘yicha izoh berilmadi.
Mirziyoyevaning yozishicha, Oksford universitetining "Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari" fakultetida endilikda o‘zbek va eski o‘zbek tillari o‘rganiladi.
Tashrif chog‘ida u universitetdan mukofot qabul qilganini ma’lum qildi.
"Universitetdan Prezidentimiz rahbarligida O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va imkoniyatlarini kengaytirish borasida erishilgan yutuqlarning e’tirofi sifatida mukofot qabul qilganimdan xursandman", - deb yozdi u o‘z sahifasida.
Karimov haqida tanqidiy fikr bildirish man etilganmi?
Vaqt.uz nashrifining yangi "Siyosat+" tahliliy dasturi efirga uzatilgach, biroz o‘tib o‘zgartirildi. Undan AQShda yashayotgan muxolifat faoli, "Erk" partiyasining sobiq liderlaridan biri Jahongir Muhammadning so‘zlari kesib tashlandi.
Ko‘rsatuv "Karimov faoliyatiga chizgilar" deya nomlangan bo‘lib, uning mualliflariga ko‘ra, unda mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davridagi siyosiy tizimning kuchli va zaif jihatlari tahlil qilindi.
"Uning jamiyat hayotiga ta’siri, hukumat va xalq munosabatlarida qoldirgan izi va eng muhimi — bu tizimdan kelajak uchun qanday saboq olish mumkinligi haqida so‘z boradi", deyiladi unga hamroh maqolada.
Ko‘rsatuvda Toshkentda yashayotgan sobiq "Erk" faoli Dilorom Ishoqova, siyosatshunov Farhod Tolipov, Karimov davrining ilk yillarida prezident devonida bo‘lim rahbari bo‘lib ishlagan Sharof Ubaydullaev, bloger Otabek Bakirov va boshqalar fikrlari berilgan. Ammo, Karimovning ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Jahongir Muhammad o‘zining sharhlari yo‘qolib qolganidan taajjub izhor qildi.
"Ilyosjon, "Karimov davriga chizgilar" dasturingizni e’lon qildingiz. Bir ko‘rganimda, menga ham o‘rin bergandingiz. Ikkinchi bor qarasam, qirqib tashlanibdi. Nima bo‘lganini izohlay olasizmi? Senzurani kim qildi", - deya savol qo‘ydi u o‘z Feysbuk sahifasida.
Ko‘rsatuv boshlovchisi Ilyos Safarov bu savol ostida javob qoldirmadi, ammo o‘z sahifasida matbuot erkin emasligiga ishora qilib post yozdi.
"Ishonaman, bir kun kelib o‘zbek xalqi albatta erkin matbuotga ega bo‘ladi. Biz ko‘ramizmi, yo‘qmi, bilmayman, lekin shu kunlar albatta keladi.
O‘zbekistonlik nashrlar va jurnalistlar hukumat va xavfsizlik idoralari tomonidan ularning ko‘rsatuv va maqolalari oldirtirib tashlanayotgani yo o‘zgartirilishi yo‘lida bosim bo‘layotganini aytib keladilar.