Toshkent metrosida “choptirgan” erkak nega qahramonga aylandi?

Surat manbasi, Getty Images
Toshkent metropoliten xizmati tashkil topgan 6 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarga metroda misli ko‘rilmagan hodisa videosi tarqaldi va 47 yillik Toshkent metrosi va mamlakatdagi hojatxona muammosini kun tartibiga olib chiqdi.
Kichik hojati qistab qolgan erkak “Paxtakor” metro bekati ustunlaridan biriga “choptirgani”, so‘ngra navbatdagi poezdga o‘tirib manziliga ketgani aks etgan video tarqaldi.
Hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Surat manbasi, Social Media
“Va albatta metroni har bekatida tualet bo‘lishi kerak o‘zi. Bu odam shu masalani dag‘al usulda ko‘tarolgani uchun bepul urolog ko‘rigi bilan rag‘batlantirilishi, keyin omma optom choptirishi boshlamasligi uchun jarima to‘lashi kerak”, deb yozdi @xotirijam.
“Toshkent metropoliteni” hodisa shu yilning 27 sentyabrida bo‘lganini va huquq-tartibot organi xodimlari surishtiruv ishlar olib borayotganini ma’lum qildi.
Hodisadan 2 kun o‘tib metropoliten xodimlari “Chilonzor” bekatida sinov tariqasida ishga tushgan ona va bola hamda hojatxona o‘zini oqlagani va bu kabi xonalar yana 9 ta bekatda ishga tushirilishini bildirdi.
2022 yil ishga tushgan bu hojatxonaning sinov muddati nima uchun 2,5 yilni tashkil qilgani sababi aytilmagan.
Biroq ijtimoiy tarmoqdagilar “Paxtakor” metrosiga kichik hojatini chiqargan erkak videosi yana hojatxonalar qurish qarori olinishiga sabab bo‘lganini taxmin qilmoqda.
“Lekin shu amaqi sabab, metroda xojatxona muammosi hal bo‘ldi”, deydi Akrom Tolipov.
Sharifa Murod “Mening qahramonim- metroda bavl qilgan odam😃”, deydi.
Abror Zohidov esa, “Metrodagi amakidan iltimos qilish kerak, Skver taraflardayam bitta choptirib bersin…”, deya boshqa joydagi hojatxona bilan bog‘liq muammolarga nazar qaratadi.
Ayni maqolada Facebook tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Facebook havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri Facebook post
“U metroga choptirib islohot o‘tqazishga majbur qildi…”, deydi Sherali Sattarov.
Hojatxona muammosi…
Metroda kichik hojatini chiqargan odam O‘zbekistondagi hojatxona muammosini yana bir bor yuzaga chiqardi.
“Metroda choptirgan shaxs nega qahramonga aylandi? Ijtimoiy tarmoqlarda g‘ayrioddiy chaqiruv bilan ko‘p yillik muammoning yechilishiga sabab bo‘lgan, ya’ni metro santsiyalarining birida choptirgan shaxs bugun tarmoq qahramoniga aylandi.
Biz ham bugun advokat hamkasblarimiz bilan maslahatlashib, bu odam mabodo javobgarlikka tortilsa, unga bepul advokat taqdim qilishga kelishdik. Unga jarima solinsa, odamlardan pul to‘plab beramiz. Chunki bu choptirish metro stantsiyasi devorlariga emas, ko‘p yillik muammoga befarq shaxslarning yuziga choptirish edi.
Mamlakatda hojatxonalar muammosi allaqachon kun tartibiga chiqishi kerak bo‘lgan masala edi. Ba’zan viloyatlarga keta turib, katta yo‘l yoqasida bu ishni qilayotganlarga qarab uyalamiz. Ammo hech kim bu nozik masalani ko‘targisi kelmaydi”, deb yozadi inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov.
O‘zbekiston butun dunyodan sayyohlar tashrif buyurishini, xalqaro turizm mamlakat xazinasiga ko‘proq foyda keltirishini xohlaydi.
Metroda choptirgan shaxs nega qahramonga aylandi? Chunki bu choptirish metro stansiyasi devorlariga emas, ko‘p yillik muammoga befarq shaxslarning yuziga choptirish edi.
Biroq 2017 yili Toshkentdan Samarqandga eltadigan avtomobil yo‘lida atigi bitta tekin hojatxona borligi aytilgandi.
7 yilning ichida muammo qanchalik baratarf etilgan noma’lum, ammo ijtmoiy tarmoqdagi yozishmalardan u hamon dolzarbligini ko‘rish mumkin.
“Yaxshiki machitlar tahoratxonalari jonga oro kirib turibdi. Bo‘lmasa yirik shaharlar, ayniqsa poytaxt bu muammo bilan jiddiy to‘qnashgan bo‘lardi”, deydi Abror Zohidov.
Ayrimlar muammoga e’tibor qaratish uchun metrodagi erkakning qilig‘ini qaytarish shartmi, demoqda.
“Demak, qaerda xojatxona qurilishi kerak deb hisoblasak, avvalo o‘sha yerdagi ustunni topishimiz kerak bundan keyin. 😁 Tepadagilarni kallasiga yetib borishi uchun shu yo‘l eng to‘g‘ri yo‘l ekan”, deydi Farukh Samarkandi.
Londonda ham shu muammo
Londonning transport tashkiloti Transport for London (TfL) shahar jamoat transporti tarmog‘ida hojatxonalar qurish va borlarini yaxshilash uchun 19 million dollardan ko‘proq mablag‘ ajratishini ma’lum qildi.
Tashkilot shahar ichida yo‘lovchilar har 20 daqiqalik yo‘lda hojatini chiqarish imkonini yaratmoqchi.
Ushbu yangilikni katta va kichik hojatlarini uzoq muddat tutib turishga qiynaladigan bemorlar uchun xushxabar bo‘lgani aytilmoqda.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002














