Tahlil: Tramp dunyoni imperiyalar davriga qaytarishi xavfi bor

    • Author, Jeremi Bouen
    • Role, Bi-bi-sining xalqaro muharriri
  • O'qilish vaqti: 5 daq

AQSh maxsus kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni o‘z saroyidan, lavozimidan va mamlakatidan chetlashtirganidan atigi bir necha soat o‘tgach, Donald Tramp o‘zining Mar-a-Lago koshonasida turib reydning jonli efirini kuzatish qanday zavqli bo‘lganini yashirolmadi.

U o‘sha vaqtda nimalarni his qilgani haqida Fox News'ga gapirdi.

"Tezlikni, shiddatni ko‘rsangiz edi, juda ajoyib ishlashdi. Boshqa hech kim bunday qila olmasdi."

AQSh prezidenti g‘alabaga tez erishishni istaydi, shunga muhtoj. U ikkinchi marta prezidentlikka kirishishidan oldin Rossiya-Ukraina urushini bir kunda tugata olaman, deb maqtangandi.

Venesuela u orzu qilgan tezkor va hal qiluvchi g‘alaba bo‘ldi.

Maduro Bruklindagi qamoqxona kamerasida o‘tiribdi, Tramp esa AQSh Venesuelani "boshqaradi" dedi – yangi prezidentli bo‘lgan Chavista rejimi millionlab barrel neftni topshirishi hamda foyda qanday sarflanishini o‘zi nazorat qilishini aytdi. Bularning barchasi birorta ham amerikalikning hayotini yo‘qotmay, 2003 yilda Iroqqa bostirib kirgandan so‘ng halokatli oqibatlarga olib kelgan davomli ishg‘olsiz amalga oshdi.

Hozircha, Tramp va uning maslahatchilari Venesueladagi murakkabliklarni e’tiborsiz qoldirayotgan ko‘rinadi. Bu hududi Germaniyadan kattaroq, korruptsiya va repressiyalarni Venesuela siyosatiga singdirib yuborgan fraktsiyalar boshqarayotgan davlatdir.

Tramp geosiyosiy "shirinlikdan" sarxush. Mar-a-Lagoda uning yonida turgan AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va Mudofaa vaziri Pit Hegsetning bayonotlariga qaraganda, ular ham shunday kayfiyatda.

O‘shandan beri ular Tramp aytganini bajaradigan prezident ekanligini takrorlashmoqda.

U Kolumbiya, Meksika, Kuba, Grenlandiya va Daniyaga nimalar qilishi mumkinligini aniq ko‘rsatib qo‘ydi.

Tramp laqab qo‘yishni yaxshi ko‘radi. U hali ham o‘zidan oldingi prezidentni Uyquchi Jo Bayden deb ataydi.

Hozir u ikki asr davomida AQShning Lotin Amerikasiga nisbatan siyosati poydevori bo‘lgan Monro doktrinasiga yangi nom berishga urinmoqda.

Tramp uni, tabiiyki, o‘z nomi bilan – «Donro doktrinasi» deb atadi.

Qo‘shma Shtatlarning beshinchi prezidenti Jeyms Monro asl doktrinani 1823 yil dekabr oyida e’lon qilgan edi. U g‘arbiy yarim shar Amerikaning ta’sir doirasi ekanligini ta’kidlagan va Yevropa davlatlarini bu mintaqaga aralashmaslik hamda yangi mustamlakalar o‘rnatmaslikdan ogohlantirgan edi.

Donro doktrinasi Monroning 200 yil oldingi ta’kidini yanada kuchaytirib yuboradi.

"Monro doktrinasi – juda muhim, ammo biz uni ancha oshib o‘tdik", dedi Tramp Mar-a-Lagoda, Maduro ko‘zi bog‘langan va kishanlangan holda qamoqxonaga jo‘natilayotgan vaqtda.

"Bizning yangi milliy xavfsizlik strategiyamiz doirasida Amerikaning g‘arbiy yarim shardagi hukmronligi endi hech qachon shubha ostiga olinmaydi."

Har qanday raqib yoki potentsial tahdid, ayniqsa, Xitoy Lotin Amerikasidan chetda turishi kerak. Xitoyning allaqachon mintaqaga kiritgan ulkan sarmoyalariga nima bo‘lishi noma’lum.

Donro doktrinasi AQSh "tomorqa" deb ataydigan ulkan hududni shimolda Grenlandiyagacha kengaytiradi.

Monroning mis taxtachadagi qo‘lyozmasining 2026 yilgi zamonaviy ekvivalenti AQSh Davlat departamenti ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan Trampning qovog‘i soliq, jiddiy qiyofadagi suratidir. Unda shunday so‘zlar bor: "Bu bizning yarim shar va Prezident Tramp xavfsizligimizga tahdid qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi".

Bu AQSh harbiy va iqtisodiy qudratidan foydalanib, bo‘ysunmas davlatlar va rahbarlarni majburlash, zarur bo‘lsa, ularning resurslarini tortib olishni anglatadi. Tramp ogohlantirganidek, yana bir ehtimoliy nishon – Kolumbiya prezidenti – "u o‘zining ketiga ehtiyot bo‘lishi kerak".

Grenlandiya nafaqat Arktikadagi strategik ahamiyati tufayli, balki iqlim o‘zgarishi muzliklarni eritishi bilan ochila boshlagan boy mineral resurslarga egaligi uchun ham Amerika diqqat markazida. Grenlandiyaning nodir yer elementlari va Venesuelaning og‘ir nefti AQSh uchun strategik boylik hisoblanadi.

Tramp AQShning boshqa ishg‘olchi prezidentlaridan farqli o‘laroq, o‘z harakatlarini xalqaro huquq yoki demokratiyaga intilish bilan niqoblamaydi. Uning uchun yagona legitimlik AQShning qudratidan dastak olayotgan o‘zining shaxsiy irodasidir.

Monrodan tortib Donroga qadar tashqi siyosat doktrinalari AQSh prezidentlari uchun muhim ahamiyatga ega. Ular prezidentlarning qarorlari va meroslarini shakllantiradi.

Iyul oyida AQSh o‘zining 250 yilligini nishonlaydi. 1796 yilda uning birinchi prezidenti Jorj Vashington uchinchi muddatga saylanmasligini xayrlashuv nutqi bilan e’lon qilgan edi. Bu nutq bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan.

Vashington o‘shanda AQSh va dunyo uchun ahamiyatli qator ogohlantirishlar bergan edi.

Urush paytida vaqtinchalik ittifoqlar zarur bo‘lishi mumkin, ammo aks hollarda AQSh xorijiy davlatlar bilan doimiy ittifoq tuzmasligi kerak. Bu da’vat mamlakatda izolyatsionizm an’anasini boshlab berdi.

Ichki siyosatda u fuqarolarni o‘ta partiyaviylikdan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan edi. Bo‘linish, uning fikricha, yosh Amerika respublikasi uchun xavf tug‘dirardi.

Senat har yili Vashingtonning o‘sha xayrlashuv nutqini jamoat oldida qayta o‘qiydi, ammo bu marosim AQShning o‘ta partiyaviy va qutblangan siyosatiga baribir kor qilmaydi.

Vashingtonning ittifoqlarga bog‘lanmaslik haqidagi ogohlantirishiga 150 yil davomida amal qilindi. Birinchi jahon urushidan so‘ng AQSh Yevropani tark etdi va izolyatsionizmga qaytdi.

Ammo Ikkinchi jahon urushi AQShni global kuchga aylantirdi. Shu vaqtda Trampgacha yevropaliklar hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan boshqa doktrina paydo bo‘ladi.

1947 yilga kelib Sovet Ittifoqi bilan Sovuq Urush keskinlashdi. Urush tufayli bankrot bo‘lgan Buyuk Britaniya Gretsiya hukumatining kommunistlarga qarshi kurashini moliyalashtira olmasligini AQShga ma’lum qildi.

O‘sha paytdagi prezident Harri Trumen "qurolli ozchilik yoki tashqi kuchlar bosimiga qarshi kurashayotgan erkin xalqlarni" qo‘llab-quvvatlashga qat’iy jazm etdi. U Sovet Ittifoqi yoki mahalliy kommunistlar tahdidini nazarda tutgan edi.

Bu Trumen doktrinasi edi. U Yevropani qayta tiklagan Marshall rejasiga, so‘ng 1949 yilda NATO tashkil etilishiga olib keldi. Harri Trumen va Sovet Ittifoqini tiyib turish g‘oyasini ilgari surgan diplomat Jorj Kennan kabi atlantikachilar bu majburiyatlar Amerika manfaatlariga mos kelishiga ishonishgan.

Trumen doktrinasi va Jo Baydenning Ukrainaning harbiy harakatlarini moliyalashtirish to‘g‘risidagi qarori o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik bor.

Trumen doktrinasi hozir Tramp barbod qilayotgan Yevropa bilan munosabatlarni ko‘p jihatdan shakllantirdi. Bu o‘tmishdan keskin uzilish bo‘lgandi. Trumen Jorj Vashingtonning doimiy ittifoqlarga o‘ralashib qolishdan qaytarig‘ini e’tiborsiz qoldirgandi.

Endi Tramp Trumen merosidan voz kechmoqda. Agar u Daniyaning suveren hududi bo‘lmish Grenlandiyani egallab olsa, transatlantik ittifoqning qolgan qismini ham yo‘q qilishi mumkin.

MAGA mafkurachisi va Trampning nufuzli maslahatchisi Stiven Miller buni yaqinda CNN efirida xulosaladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh "azaldan kuch bilan, zo‘ravonlik bilan, hokimiyat bilan boshqariladigan, temir qonunlari bo‘lgan" real dunyoda harakat qilmoqda.

Hech bir AQSh prezidenti kuch va qudrat zarurligini inkor etmagan. Ammo Franklin Ruzveltdan tortib, Trumen va uning Oval kabinetdagi barcha vorislari qudratli bo‘lishning eng yaxshi yo‘li – ittifoqqa yetakchilik qilish, ya’ni o‘zaro manfaatli hamkorlik deb hisoblashgan.

Ular yangi BMT va davlatlarning xatti-harakatlarini tartibga solish uchun qoidalar ishlab chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashgan. Albatta, AQShning o‘zi ham ko‘p marta xalqaro huquqni e’tiborsiz qoldirgan va buzgan – qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni zaiflashtirishga hissa qo‘shgan.

Biroq Trampning salaflari xalqaro tizim tartibga solinishi kerak, degan g‘oyani rad etishga urinmagandi.

Buning sababi XX asrning birinchi yarmida eng kuchlilar hukmronligining halokatli oqibatlari – ikkita jahon urushi va millionlab qurbonlardir.

Ammo Trampning "Avvalo Amerika" mafkurasi va uning biznesmenlik zehniyati Amerikaning ittifoqchilari uning iltifoti uchun haq to‘lashi kerak, deb hisoblaydi. Do‘stlik bu yerda ortiqcha so‘z bo‘lib tuyuladi. Prezident tor ma’noda ta’riflagan «Amerika manfaatlari» yolg‘iz hukmronlik qilishni anglatadi.

Tramp fikrini tez-tez o‘zgartiradi. Biroq, uning AQSh o‘z kuchidan jazosiz bemalol foydalanishi mumkinligiga bo‘lgan ishonchi o‘zgarmasga o‘xshayapti. Uning aytishicha, shu bilan Amerika yana buyuk bo‘ladi.

Xavf shundaki, agar Tramp o‘z yo‘lida davom etsa, u dunyoni bir asr yoki undan oldingi imperiyalar davriga qaytaradi – bu davrda katta davlatlar o‘z irodasini o‘tkazishga intilar, qudratli avtoritar millatchilar o‘z xalqlarini halokatga yetaklardi.