Harris va Tramp siyosatlaridagi farq nimada?

O'qilish vaqti: 5 daq

Saylov kunida amerikalik ovoz beruvchilar Demokratik vitse-prezident Kamala Harris va respublikachi Donald Tramp o‘rtasida qaror qilishdek katta tanlov bilan yuzlashishadi.

Quyida nomzodlar qanday siyosatni ilgari surishayotgani va turli masalalarda ularning qarashlari bir-biridan qanday farq qilayotganini ko‘rishingiz mumkin.

Iqtisodiyot

Harris ishchi oilalar uchun oziq-ovqat va uy-joy narxlarini kamaytirish ilk kundanoq uning eng birlamchi vazifasiga aylanishini aytgandi. U oziq-ovqat narxlarining oshirilishini taqiqlash, birinchi marta uy sotib oluvchilarga yordam berish va uy-joy taklifini oshirish uchun rag‘batlar taqdim etishga va’da bergan.

Tramp esa “inflyatsiyani tugatish va Amerikani yana arzonlashtirish”ni va’da qilgan.

Garchi bu prezident nazorat qila olmaydigan narsa bo‘lsa-da, u foiz stavkalarini pasaytirishni va’da qilmoqda. Shuningdek, Tramp noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish orqali uy-joyga bo‘lgan bosimni engillashtirishini ham ta’kidlab keladi.

Soliqlar

Harris yirik bizneslar va yiliga 400 000 dollar (£305,000) daromad qiladigan amerikaliklar uchun soliqlarni oshirmoqchi. Ammo u oilalar uchun soliq yukini engillashtiradigan bir qator choralarni, jumladan, bolalar soliq kreditlarini kengaytirishni e’lon qilgan.

Tramp esa asosan boylarga yordam bergan 2017 yildagi soliq imtiyozlarini kengaytirish kabi bir qator trillion dollarlik imtiyoz loyihalarini taklif qilmoqda. U ularni yuqori iqtisodiy o‘sish va importga soliq solish orqali moliyalashtirishini aytadi. Tahlilchilar ikkala soliq rejasi ham defitsitni oshirishini, biroq Trampning rejasi ko‘proq zararga ishlashini ta’kidlayd

Abort

Harris abort huquqlarini o‘z kun tartibidagi asosiy masala darajasiga chiqardi va reproduktiv huquqlarni butun mamlakat bo‘ylab qo‘llab-quvvatlovchi qonunchilikni ilgari surishda davom etmoqda.

Tramp esa so‘nggi haftalarda bu borada asosli fikr bilan ko‘rinish bermadi. Uning prezidentlik davrida Oliy sudga tayinlagan uch sudya “Roe Uedga qarshi” nomi bilan mashhur abort qilish huquqini bekor qilishda muhim rol o‘ynagandi.

Immigratsiya

Harris janubiy chegara inqirozining asosiy sabablarini hal qilishni o‘z zimmasiga olgan edi. Shu sababdan ham, shimolga oqib kelayotgan muhojirlar oqimini to‘xtatishga qaratilgan hududiy sarmoyalar uchun milliardlab xususiy mablag‘larni jalb qilgan. 2023 yil oxirida Meksika orqali o‘tgan odamlar soni rekord darajaga etgandi, ammo keyingi davr ichida bu raqamlarda sezilarli pasayish kuzatildi. Harris bu masala yuzasidan uning pozitsiyasi qat’iy ekanligini bildira turib, odam savdosiga qarshi kurashda namuna o‘laroq Kaliforniyadagi prokurorlik tajribasiga urg‘u berib o‘tadi.

Tramp devor qurish va nazoratni kuchaytirish orqaligina chegarani yopish mumkinligini ta’kidlagan. Biroq u respublikachilarga Harris tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ikki tomonlama qat’iy chegaraga oid qonun loyihasidan voz kechishni tavsiya qiladi. Shuningdek, Tramp AQSh tarixidagi eng katta noqonuniy migrantlarning ommaviy deportatsiyasini amalga oshirishni maqsad qilgan. Mutaxassislar esa u bu yo‘lda juda ko‘p qonuniy muammolarga duch kelishini aytadi.

Tashqi siyosat

Harris Ukrainani “qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlash”ni va’da qiladi. U saylovda yutar ekan, Xitoy emas, AQSh “21-asr uchun raqobatda g‘alaba qozonishini” ta’minlashni va’da qiladi. Harris uzoq vaqtdan beri Isroil va Falastin o‘rtasida ikki davlatli echimni qo‘llab-quvvatlab keladi va G‘azodagi urushni tugatishga chaqiradi.

Tramp izolyatsionist tashqi siyosatni olib borishni va AQShni dunyoning boshqa joylaridagi nizolardan uzoqlashtirishni istaydi. U Rossiya bilan muzokaralar orqali Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishga va’da bergan, demokratlar bu harakatni Vladimir Putin uchun turtki bo‘ladi, deb aytishgan. Tramp o‘zini Isroilning qat’iy tarafdori sifatida ko‘rsatadi, ammo G‘azodagi urushni qanday tugatishi haqida aniq fikr bildirmaydi.

Savdo

Harris Trampning importga bojxona tariflarini joriy etish rejasini tanqid qilib, bu ishchi oilalarga har yili 4 000 dollarga tushadigan milliy soliq ekanligini aytadi. Uning o‘zi esa importga solinadigan soliqlarni maqsadli yo‘naltirishni rejalashtirgan.

Tramp bojxona tariflarini o‘z kampaniyasining birlamchi va’dasiga aylantirdi. U aksariyat xorijiy tovarlarga yangi 10-20% bojxona solig‘i va Xitoydan keltirilgan mahsulotlarga esa yuqori soliq joriy qilishni taklif qilgan.

Iqlim

Harris yuz milliardlab dollarni qayta tiklanadigan energiya, transport vositalari, soliq kreditlari dasturlariga yo‘naltirgan inflyatsiyani kamaytirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishda vitse-prezident sifatida faol ishtirok etgan edi. Ammo u gaz va neft qazib olishda ekologlar zararli deb hisoblaydigan gidravlik yorilish usuliga qarshiligidan voz kechgan.

Tramp esa Oq uydagi paytida yuzlab ekologik himoya choralari, shu jumladan, elektr stantsiyalari va transport vositalaridan karbonat angidrid chiqindilariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilgan edi. Bu safargi kampaniyada esa u Arktikadagi qazish ishlarini kengaytirishga va elektr transport vositalarini tanqid qilishga va’da bermoqda.

Sog‘liqni saqlash

Harris dorilar narxini pasaytirishni va insulin narxini 35 dollarda cheklashni joriy qilgan Oq uy ma’muriyatining bir qismi bo‘lgan.

Tramp esa prezident sifatida millionlab odamlarga sug‘urtani kengaytirgan Affordable Care Act’ini bekor qilishga urinmasligini aytadi. U soliq to‘lovchilar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan tug‘ish davolashini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo bu loyiha Kongressdagi respublikachilar tomonidan qattiq qarshilikka uchrashi mumkin.

Jinoyatchilik

Harris raqibini o‘zi bilan taqqoslar ekan, prokurorlik tajribasini misol sifatida olib, Tramp sodir etgan jinoyatga urg‘u berishga harakat qiladi.

Tramp esa narkokartellarni yo‘q qilish, to‘da zo‘ravonliklarini bostirish va demokratlar boshqaradigan jinoyatlarga to‘la shaharlarni qayta tiklashga va’da beradi.

Qurollar

Harris qurol zo‘ravonligining oldini olishni maqsad qilgan. Qurol egalari o‘laroq, u va Tim Vals ko‘pincha bu borada qonunlarni kuchaytirishni targ‘ib qilishadi. Ammo ular qurolga oid qonunlarni kengaytirish yoki shturm qurollarini taqiqlash kabi choralarni ko‘rish uchun Kongress yordamiga muhtoj bo‘ladi.

Tramp o‘zini ikkinchi tuzatish (qurol saqlash huquqi) bo‘yicha qat’iy himoyachi sifatida ko‘rsatadi. U may oyida Milliy o‘qotar qurol assotsiatsiyasiga murojaat qila turib, o‘zini ularning eng yaqin do‘sti deb atagan.

Marixuana

Harris marixuanani ko‘ngil ochish uchun iste’mol qilishni dekriminalizatsiya qilish kerak deydi. U juda ko‘p odamlar shunchaki saqlab yurgani uchun qamoqqa olinganini va qora tanli hamda lotin amerikalik erkaklarning hibsga olinish soni mutanosib emasligini ta’kidlaydi.

Tramp o‘z pozitsiyasini yumshatdi va shaxsiy foydalanish uchun oz miqdordagi marixuana uchun “keraksiz hibsga olish va qamoqqa tashlashlarni” to‘xtatish vaqti kelganini aytdi.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002