You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Ukraina: Rossiya eng halokatli zarbalaridan birini berdi – Tramp uni "dahshatli" deb atadi, Moskva esa jim
Xabarlarga ko‘ra, Rossiya ballistik raketalarini ishga solgan. Qurbonlar soni o‘nlab ekani aytilmoqda.
Yakshanba kungi hujum
Xabarlarga ko‘ra, Rossiya ballistik raketalarini ishga solgan. Qurbonlar, yaralanganlar soni o‘nlab ekani aytilmoqda.
Hujum kecha, yakshanba kuni amalga oshirilgan, Rossiya Sumi markaziga zarba bergan.
Rossiyaning "Iskandar" rusumidagi ikki raketasi Sumi Davlat universiteti va uning kongress markazi atrofidagi hududga kelib tekkan.
Ukraina tomoniga ko‘ra, Rossiyaning hujumi kamida 34 kishini o‘ldirgan, yuzdan oshig‘ini yaralagan, qurbonlar va tan jarohati olganlar orasida bolalar ham bor.
Hujum oqibatlari aks etgan tasvirlarda raketalar urilgan sath atrofidagi ko‘chalarda qonga belanib yotgan jasadlar sochilib yotgani xabarlarda alohida e’tibor topgan nuqtaga aylangan.
Ukraina prezidenti yaralanganlar orasida shu yil tug‘ilgan qizchaning ham borligi, shifokorlar imkon qadar ko‘proq odamlarning hayotlarini asrab qolish uchun "qo‘llaridan kelgani"ni qilayotganliklarini aytgan.
Munosabat
Rasmiy Moskva hozircha yakshanba hujumni sharhlamagan.
AQSh Prezidenti Donald Tramp esa, Sumiga qilingan hujumni "dahshatli", deb atadi, ammo Rossiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olmagan.
"Menimcha, bu dahshatli. Menga ular xato qilishganini aytishdi. Lekin, menimcha, bu dahshatli. Menimcha, barcha urushlarning o‘zi dahshatli", deb aytgan u prezident samolyoti bortida Vashingtonga ketarkan.
"Xato" bilan nimani nazarda tutganiga oydinlik kiritishi so‘ralganida esa, Tramp: "Ular xato qilishdi [...] ulardan so‘rang", - deb javob bergan. Tramp kimni nazarda tutgani noma’lum, deb yozdi "Frans-Press".
Mazkur agentlik qayd etishicha, na Tramp va na Oq uy o‘zlarining bayonotlarida Rossiyani hujumda aybdor, deb atashgan, biroq AQSh Davlat kotibi Marko Rubio "Rossiyaning Sumiga bergan dahshatli raketa zarbasi qurbonlari"ga hamdardlik bildirgan.
Ukrainalik mas’ullarning Bi-bi-siga tasdiqlashlaricha, hujum natijasida ta’lim muassasalari, qahvaxonalar, do‘konlar va ko‘p qavatli turar-joylar ilova o‘nlab bino zarar ko‘rgan. Mashinalar va tramvaylarga ham shikast yegan.
Zelenskiy boshqa davlatlarni bunga "keskin" javob berishga chaqirgan.
Hujum nishoni
Bi-bi-sining Ukraina xizmatiga ko‘ra, universitet kongress markazidan ko‘pincha bolalarning turli ko‘rinishdagi ta’limi uchun foydalanilgan.
Mahalliy aholining aytishicha, bu joy "butun shahar uchun ta’lim markazi" vazifasini o‘tagan, "turli kurslar, klublar va mahorat darslari uchun ko‘p ijaraga berilgan".
Sumilik rasmiylar ballistik raketalar katta hududda duch kelgan odamni o‘ldirishga qodir kassetali o‘q-dorilar bilan to‘ldirilgan bo‘lganini aytishmoqda.
Ko‘rinishicha, aynan ular katta sondagi odam qurbon bo‘lgan joylarda ulovlarga o‘ti ketib, daraxtlarning egilib qolishiga sabab bo‘lgan.
Yakshanba kungi hujum dunyo yetakchilari tomonidan keskin qoralangan.
U AQSh maxsus vakili Stiv Vitkoff va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan juma kungi uchrashuvi ortidan amalga oshirilgan.
Kremlning ma’lum qilishicha, mazkur uchrashuv to‘rt soatdan ko‘proq davom etgan va unda asosiy e’tibor Ukraina mojarosiga yechim topish masalasining turli jihatlariga qaratilgan.
Bu joriy yil hisobidan AQSh maxsus vakilining Putin bilan uchinchi uchrashuvi bo‘lgan.
Rossiya maxsus vakili Kirill Dmitriev uni "samarali", deb atagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z qo‘shinlari Rossiyaning Belgorod hududida harakat qilayotganini ilk bor ochiq tan oldi. Mart oyida ukrain askarlari bu viloyat hududiga kirgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
18 mart kuni Ukraina qo‘shinlari Belgorodda faol jangovar harakatlar olib borayotgani ma’lum bo‘lgan edi.
Biroq bu boradagi xabarlar Ukraina tomonidan tasdiqlanmay kelayotgandi.
"Bugun bosh qo‘mondon Aleksandr Sirskiy frontdagi vaziyat, Kursk va Belgorod viloyatlaridagi harakatlarimiz haqida alohida hisobot berdi", ma’lum qilgan Zelenskiy dushanba kuni.
"Biz dushmanning chegaradosh hududlarida faol harbiy amaliyotlar olib boryapmiz. Bu mutlaqo adolatli: urush qayerdan boshlangan bo‘lsa, o‘sha yerga ham qaytishi kerak," qo‘shimcha qilgan u.
Bu – Ukrainaning Belgorod viloyatida harbiy qismlari borligi haqida eng yuqori darajadagi ilk rasmiy tasdig‘i.
Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlarning asosiy maqsadi muntazam o‘qqa tutilayotgan qo‘shni Sumi va Harkiv viloyatlaridagi ukrain aholi punktlarini himoya qilishdan iborat.
Dushanba kuni kechqurun qilgan videomurojaatida Zelenskiy Belgorod hududida harakat qilayotgan 225-hujum polkiga minnatdorchilik bildirib, "Barakalla, yigitlar! Ukraina uchun jang qilayotgan barchadan faxrlanaman!" degan.
U boshqa tafsilotlarga to‘xtalib o‘tmagan.
18 mart – ilk ma’lumot
Ukrain qo‘shinlari chegaradosh Belgorodga hujum qilgani haqida ilk xabarlar mart oyi o‘rtasida harbiy harakatlarni yoritib boruvchi rossiyaparast blogerlar – voenkorlar tomonidan tarqatilgan.
18 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi bunday xabarlarni tasdiqlagan.
O‘shanda vazirlik Ukraina Qurolli kuchlari Belorod viloyatining g‘arbiy qismi – Demidovka va Prilese qishloqlariga "kirib borish urinishlari"ni amalga oshirganini ma’lum qilgan.
O‘sha kuniyoq jurnalistlar Zelenskiydan Ukraina haqiqatan ham Belgorod viloyatida amaliyot olib boryaptimi, deya savol bergan.
Ukraina yetakchisi mazkur savolga aniq javob bermagan. Umuman olganda, Ukraina Qurolli kuchlari o‘z harakatlarini juda ham mujmal izohlab boradi, Belgorod masalasida ko‘tarilgan xabarlarga esa mutlaqo izoh bermagan ham.
Hozir Belgorodda vaziyat qanday?
Ayni damda hududdagi mavjud vaziyatni mustaqil baholash uchun tasdiqlangan ma’lumotlar yetarli emas.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina harbiy bo‘linmalari hujumi to‘liq qaytarilganini bildirgan bo‘lsada, mart oyi oxirida BBC Belgorodda harbiy harakatlar kuchayib borayotgani hamda tomonlar jang maydoniga ko‘proq kuch safarbar qilayotgani haqida xabar bergan edi.
O‘shanda mahalliy rasmiylar janglar borayotgan Krasnoyarujskiy tumanining deyarli barcha aholisi evakuatsiya qilingani to‘g‘risida bayonotlar bilan chiqqan edi.
O‘tgan oyning so‘nggi haftasida turli norasmiy manbalar Belgorod g‘arbida og‘ir janglar ketayotgani hamda ukrainlar chegaraga yaqin ikki aholi punktini egallab olishga muvaffaq bo‘lganini yozgan.
Ukrainaning Deep State monitoring loyihasi berayotgan ma’lumotlarda, 7 aprel holatiga ko‘ra, ukrain harbiylari Belgorod viloyatidagi Demidovka aholi punktini o‘z ichiga oluvchi 13 kvadrat kilometrga yaqin hududni nazorat qilib turgan bo‘lishi mumkin.
Biroq BBC bu ma’lumotlarni urush holatida zudlikda mustaqil tasdiqlash imkoniga ega emas.
Belgorod Ukrainaga nega kerak?
Ukraina tomoni o‘z motivlarini hozircha rasman izohlamagan.
Amerikaning Urushni o‘rganish instituti 25 mart kuni taqdim etgan geolokatsiya ma’lumotlarida Ukraina harbiy qismlari Belgorod hududiga u qadar chuqur kirib bormagani qayd etilgan.
Bundan kelib chiqib, Ukrainaning maqsadi Rossiyaning yana bir hududini egallab turish bo‘lmasligini taxmin ham qilish mumkin.
Belgorod viloyati g‘arbida – Kursk viloyatidan farqli o‘laroq – Ukraina uchun egallab olish ustunlik beruvchi biror yirik aholi punkti yoki muhim ob’ekt mavjud emas.
O‘tgan yil avgust oyida Ukraina qo‘shinlari Kursk viloyatiga bostirib kirgan va bir necha yirik aholi punktlari, jumladan, atom elektr stantsiyasi bor Kurchatov shahri hamda viloyat markazi tahdid ostida qolganidan Rossiya qo‘mondonligi zudlik bilan katta kuchni safarbar qilishga majbur bo‘lgandi.
Biroq Kurskdagi voqealar Rossiya tomoniga, hatto, bitta tuman markazining egallab olinishining o‘zi ham harbiy va obro‘ nuqtai nazaridan naqadar jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Bundan tashqari Ukraina Qurolli kuchlari katta xavfga bormayotganga ham o‘xshamoqda – Belgoroddagi amaliyot muvaffaqiyatsiz tugasa ham, Rossiya harbiylarining tezkorlikda hududga yetib kelish ehtimoli uncha katta emas.
Buning sababi chegaraning narigi tomonidagi Ukrainaning o‘zida ochiq hududlar juda kam, yo‘llar esa har ikki tarafda ham unchalik ko‘p emas.
Ehtimol, Ukraina qo‘mondonligining rejasi Rossiya armiyasini ikkinchi darajali yo‘nalishlarda jang qilishga majburlash bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Zelenskiy va uning qo‘mondonlari, Kurskni misol keltirgan holda, chegara osha bunday amaliyotlar Rossiyani Donetsk viloyatidagi qo‘shinlarini qayta joylashtirishga majbur qilganini ta’kidlagan edi.