NASA 2030 yilgacha Oyda yadroviy reaktor qurmoqchi

    • Author, Jorjina Rannard
    • Role, Ilm-fan muxbiri
  • O'qilish vaqti: 4 daq

AQShning kosmik agentligi NASA 2030 yilga qadar Oyda yadroviy reaktor qurish rejalarini tezlatmoqchi, deb xabar bermoqda AQSh mediasi.

Bu loyiha Oyda insonlar doimiy yashashi uchun baza qurish bo‘yicha AQSh katta rejalarining bir qismidir.

Politico nashriga ko‘ra, NASAning muvaqqat rahbari Xitoy va Rossiyaning o‘xshash tashabbuslarini tilga olib, bu ikki davlat kelgusida Oyda "kirib bo‘lmas hudud" e’lon qilishi mumkinligini aytgan.

Biroq NASA byudjeti yaqinda keskin qisqargani va texnik to‘siqlar tufayli, reja amalga oshishiga shubhalar bor. Ayrim olimlar esa bu harakatlarga ilm emas, balki geosiyosiy raqobat turtki berayotganidan xavotirda.

AQSh, Xitoy, Rossiya, Hindiston va Yaponiya hozirda Oyni faol tadqiq etayaptilar, ayrimlari inson yashaydigan doimiy manzilgohlar qurishga ham bel bog‘lagan.

New York Times yozishicha, AQSh Transport vaziri va Prezident Donald Tramp tomonidan NASA rahbarligiga vaqtincha tayinlangan Shon Daffi agentlikka yo‘llagan maktubida shunday deb yozgan:

"Oydagi kelajak iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash, Marsda yuqori quvvatli energiya ishlab chiqarish va fazoda milliy xavfsizligimizni mustahkamlash uchun NASA tezkor harakat qilishi shart."

Daffi xususiy kompaniyalardan kamida 100 kilovatt quvvat ishlab chiqaradigan reaktor loyihasi taklifini so‘ragan. Solishtirish uchun: Yerdagi oddiy shamol turbinasi 2-3 megavatt energiya ishlab chiqaradi.

Yadroviy energiya yagona yo‘lmi?

Oyda yadroviy reaktor qurish g‘oyasi yangi emas. 2022 yilda NASA uchta kompaniyaga reaktor loyihasi uchun 5 million dollarlik shartnoma bergan. Bu yil may oyida esa Xitoy va Rossiya 2035 yilga qadar Oyda avtomatlashtirilgan yadro stantsiyasi qurish niyatini e’lon qildi.

Olimlar yadroviy energiyani doimiy elektr ta’minotini ta’minlashning eng yaxshi, hatto yagona yo‘li, deb hisoblaydi. Oyda bir "kun" Yerdagi to‘rt haftaga teng: ikki hafta uzluksiz quyosh, keyingi ikki hafta esa to‘liq qorong‘ilik. Bu quyosh energiyasidan foydalanishni juda qiyinlashtiradi.

Sarrey universitetidan doktor Sungvu Lim shunday deydi:

"Kichik ekipaj uchun uy-joy qurish ham megavatt miqyosida quvvat talab qiladi. Quyosh panellari va batareyalar bunday talabni ishonchli qoplay olmaydi. Yadroviy energiya – nafaqat maqbul, balki muqarrar zarurat."

Lankaster universiteti professori Layonel Uilsonning fikricha, yetarli mablag‘ bo‘lsa, 2030 yilga qadar Oyda reaktor o‘rnatish texnik jihatdan mumkin.

"Asosiy masala – shungacha Oyda zarur infratuzilmani yaratish uchun yetarli miqdorda 'Artemida' parvozlarini amalga oshirishda," deydi u, NASA'ning insonlar va uskunalarni Oyga yuborish ko‘zda tutilgan "Artemida" dasturini nazarda tutib.

Biroq, xavfsizlik masalalari ham yo‘q emas.

"Radioaktiv materialni Yer atmosferasi orqali uchirish muayyan xavflar tug‘diradi. Bu uchun maxsus litsenziya talab etiladi, ammo bu hal qilib bo‘lmaydigan muammo emas," deb ta’kidlaydi Open Universitetning sayyoraviy fanlar bo‘yicha mutaxassisi doktor Simyon Barber.

Daffining tashabbusi kutilmagan bo‘ldi, ayniqsa, Tramp ma’muriyati 2026 yil uchun NASA byudjetiga 24% qisqarish e’lon qilganidan so‘ng. Bu qisqarish Marsdan namunalar olib kelish kabi yirik ilmiy dasturlarning ham boshiga tushgan.

Ayrim olimlar bu harakatni xalqaro "Oy poygasi"da siyosiy raqobatning yangi bosqichi sifatida ko‘rayaptilar.

Doktor Simyon Barberning aytishicha, "Biz ilk kosmik poyga davridagi kabi raqobatga qaytayotgandekmiz. Ilmiy jihatdan bu biroz hafsalani pir qiladi. Agar faqat bor e’tibor milliy manfaat va hududiy da’volarga yo‘naltirilsa, bosh maqsadimiz – Quyosh tizimi va uning ortidagi olamni o‘rganish e’tibordan chetda qoladi."

Daffining Xitoy va Rossiya haqidagi "kirib bo‘lmas hudud" gaplari, ehtimol, 2020 yilda imzolangan "Artemida kelishuvlari"ga ishora qiladi.

2020 yilda yetti davlat Oy yuzasidagi hamkorlik printsiplarini belgilaydigan kelishuvni imzolagandilar.

Ushbu "Artemida kelishuvlari"da mamlakatlar Oyda qurgan inshootlar va olib borayotgan ishlar atrofida "xavfsizlik zonalari"ni belgilash tartibi ham nazarda tutilgan.

"Agar Oyda yadroviy reaktor yoki har qanday turdagi baza qursangiz, shu jihozlaringiz turgan hudud atrofida xavfsizlik zonasini e’lon qilishingiz mumkin," deydi doktor Barber.

"Ayrimlar uchun bu deyarli shunday tuyuladi: 'Biz Oyning shu qismini egalladik, shu yerda ishlaymiz va siz bu yerga kira olmaysiz," deb izohlaydi u.

Doktor Barberning ta’kidlashicha, insonlar foydalanishi uchun Oyda yadroviy reaktor o‘rnatishdan oldin hal etilishi kerak bo‘lgan bir qator to‘siqlar bor.

NASA'ning "Artemida-3" missiyasi 2027 yilda insonlarni Oy yuzasiga yuborishni rejalashtirgan, ammo loyiha bir qator kechikishlar va moliyaviy noaniqliklarga duch kelgan.

"Agar sizda baza uchun yadroviy energiya bo‘lsa-da, lekin odamlar va uskunalarni u yerga yetkazish imkoni bo‘lmasa, unda bunday loyiha amalda behuda ish," deydi u.

"Hozirgi rejalar esa bir butun va uyg‘un dasturdek ko‘rinmayapti," deya xulosa qiladi Barber.