You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Tramp g‘alabasi dunyo uchun nimani anglatadi? - Video
- Author, Tom Beytman
- Role, Bi-bi-si
- Author, Lyse Doucet
- Role, Chief international correspondent
- O'qilish vaqti: 6 daq
Donald Trampning Oq Uyga qaytishi AQSh tashqi siyosatida katta evrilish yasaydi. Dunyo bo‘ylab ayrim hududlarda urush va mavhumlik hukm surayotgan bir paytda ushbu voqelik xalqaro siyosatda ehtimoliy keskin o‘zgarishlarni va’da qiladi.
Ko‘pincha aniq tafsilotlarsiz bo‘lsada, saylov kampaniyasi davomida Tramp aralashmaslik va savdo himoyachiligi tamoyillariga asoslangan keng ko‘lamli siyosiy va’dalar berib keldi — o‘z ta’biri bilan aytganda, Tramp uchun “Amerika — birinchi o‘rinda”.
Uzoq yillardan beri davom etib kelyotgan parallel inqirozlar fonida Trampning g‘alabasi Vashington tashqi siyosatida eng muhim chekinishlar yuz berishini anglatadi.
Uning turli mavzular yuzasidan yondashuvini saylov kampaniyasidagi chiqishlari va 2017-2021 yillardagi faoliyati bilan xulosalash mumkin.
Qiziq: Amerika Tramp va Harrisni qanday sayladi – dastlabki ma’lumotlari chiqdi
Rossiya, Ukraina va NATO
Saylov kampaniyasi davomida Tramp bir necha bor Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga “bir kunda” yakun yasay olishini ta’kidlagan. Qanday qilib, degan savollarga esa bir kelishuvga rahbarlik qilish orqali deya javob bergan, xolos. Hech mahal bu borada aniq tafsilotlarni ochiqlamagan.
Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha ikki sobiq rahbari tomonidan may oyida yozilgan tadqiqot hujjatida AQSh Ukrainaga qurol yetkazib berishni davom ettirishi kerakligi, biroq bu yordamni Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga kirishish sharti bilan amalga oshirishi lozimligi ta’kidlangan.
Rossiyani rag‘batlantirish uchun G‘arb Ukraina NATOga kirishini kechiktirishi kerak. Sobiq maslahatchilar Ukraina Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarining hammasini qaytarib olish umididan voz kechmasligi kerakligini, ammo muzokaralar hozirgi front chiziqlari asosida olib borilishi lozimligini urg‘ulagan.
Trampning Demokratik raqiblari uni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin munosabatlarda ayblab, uning yondashuvi amalda tatbiq qilinishi Ukrainaning taslim bo‘lishiga teng ekanligini va butun Yevropa uchun xavf tug‘dirishini aytmoqda.
Tramp doimo uning ustuvor vazifasi urushni tugatish va AQSh resurslarining isrof bo‘lishini to‘xtatish ekanligini aytib keladi.
Sobiq maslahatchilarning maqolasida Trampning shaxsiy fikrlari qay darajada aks etgani aniq emas, ammo bu unga beriladigan maslahatlar yo‘nalishi haqida tasavvur berishi mumkin.
Uning urushni tugatishga qaratilgan “Amerika — birinchi o‘rinda” yondashuvi 2 Jahon urushidan keyin Sovet Ittifoqiga qarshi qalqon sifatida tuzilgan transatlantik harbiy ittifoq hisoblanuvchi NATOning kelajagi masalasiga ham bevosita taalluqlidir.
Hozirda 30 dan ortiq mamlakatni o‘z ichiga oluvchi ittifoqning salohiyatini Tramp har doim shubha ostiga olib, Yevropani AQSh himoyasiga tayanishda ayblab keladi.
Haqiqatan ham sodir bo‘lishi mumkinligi yoki yo‘qligi hanuz qaynoq muhokamalar ostida bo‘lsada, AQShning NATOdan chiqishi, bu transatlantik mudofaa aloqalarida qariyb bir asrlik eng katta o‘zgarish kutilyotganligini anglatadi.
Trampning ba’zi ittfioqchilari uning bu boradagi qat’iy pozitsiyasi tashkilot a’zolarini mudofaa xarajatlari bo‘yicha ittifoq ko‘rsatmalariga rioya qilishga majburlovchi muzokara taktikasi ekanligini aytmoqda.
Biroq, NATO rahbarlari uning g‘alabasi ittifoqning kelajagi uchun qanday ta’sir qilishidan va raqib tomonlar ushbu o‘zgarishni qanday qabul qilishidan xavotirga tushishi tayin.
Yaqin Sharq
Tramp Ukraina kabi Yaqin Sharqqa ham «tinchlik» olib kelishni va’da qiladi. U G‘azodagi Isroil-Hamas urushiga hamda Livandagi Isroil-Hizbulloh mojarosiga yakun yasamoqchi, biroq qanday qilib, degan savol hali ham ochiq qolmoqda.
Tramp agar Jo Bayden o‘rnida prezident bo‘lganida, u Eronga qiladigan bosim sabab Hamas hech qachon Isroilgan hujum uyushtira olmagan bo‘lishini bot-bot takrorlab keladi.
Umuman olganda, Tramp ma’muriyatning Eron yadroviy kelishuvini tark etgan, Eronga yanada ko‘proq sanktsiyalar joriy qilgan va general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirgan siyosatiga yana qaytishi kutilmoqda.
Oq uyda Tramp Isroilga nisbatan kuchli qo‘llab-quvvatlovchi siyosatni amalga oshirgan, Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olgan va AQSh elchixonasini Tel-Avivdan u yerga ko‘chirgan. Bu esa Trampning asosiy saylovchilaridan biri bo‘lgan nasroniy evangeliklar bazasini rag‘batlantirgan edi.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Trampni “Oq uydagi eng yaqin do‘st” deb atagan edi.
Ammo tanqidchilar Trampning ayni shu siyosati mintaqadagi beqarorlikka sabab bo‘lganini ta’kidlashadi.
Vashington ularning Quddusga bo‘lgan da’vosidan voz kechishi bilan, Falastinliklar Tramp ma’muriyatini boykot qilishdi. Zotan, bu shahar falastinliklar uchun milliy va diniy hayotning tarixiy markazidir.
Tramp arab va musulmon davlatlari bilan Isroilning diplomatik aloqalarini muvozanatlashtirish bo‘yicha tarixiy kelishuvni o‘z ichiga olgan va arab davlatlari uchun asosiy shart deb belgilangan mustaqil Falastin davlatini tan olmaslikni ko‘zda tutuvchi “Ibrohim kelishuvlari”ni imzolagan edi.
Kelishuv ishtirokchilari Isroilni tan olish evaziga AQShning ilg‘or qurol-aslahalarini qo‘lga kiritishdi.
Falastinliklar bu paytga qadar hech qachon bu qadar yakkalanib qo‘yilmagan edi. Bu ularning o‘z manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlarini yanada zaiflashtirdi.
Tramp saylov kampaniyasida bir necha bor G‘azo urushi tugashi kerakligini aytib o‘tgan.
Netanyaxu bilan murakkab, ba’zida esa nizoli munosabatlarga ega bo‘lishiga qaramasdan Trampda unga yetarlicha bosim o‘tkaza oluvchi kuch bor.
U, shuningdek, Hamas bilan aloqaga ega bo‘lgan arab mamlakatlari rahbarlari bilan ham mustahkam aloqalar o‘rnatgan.
Uning Isroil rahbariyatini qo‘llab-quvvatlash va urushni tugatishga bo‘lgan intilishi o‘rtasida qanday yo‘l tutishi aniq emas.
Trampning ittifoqchilari uning oldindan aytib bo‘lmaydigan harakatlarini diplomatik aktiv sifatida taqdim etishgan bo‘lsada, allaqachon tarixiy miqyosda davom etayotgan inqiroz davrida bu qanday ishlashi noma’lum.
Tramp G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish evaziga Hamas tomonidan asirga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha Bayden ma’muriyati boshlagan, biroq hozircha to‘xtab qolgan diplomatik jarayonni davom ettirishga, agar davom ettirsa, buni qanday amalga oshirishga aniq qaror berishi ham kerak.
Xitoy va savdo
Amerikaning Xitoyga bo‘lgan munosabati uning tashqi siyosatdagi strategik jihatdan eng muhim jabhasi bo‘lib, u global xavfsizlik va savdo uchun eng katta oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Tramp hokimiyatda bo‘lganida Xitoyni “strategik raqib” deb atagan va Xitoyning AQShga bo‘lgan ba’zi importlariga yuqori tariflarni qo‘llagan edi. Bu Pekinning Amerika importlariga nisbatan xuddi shunday tariflar joriy qilishiga olib kelgandi.
Savdo mojarosi yumshatilishga harakat qilingan, ammo sobiq prezident Sovidni “Xitoy virusi” deb atashi bilan bu imkoniyat yo‘qqa chiqib, munosabatlar yana yomonlashgandi.
Bayden ma’muriyati Xitoyga nisbatan yanada mas’uliyatli yondashuvni da’vo qilgan bo‘lsada, u, aslida, Tramp davridagi importlarga qo‘yilgan ko‘plab tariflarni saqlab qoldi.
Garchi AQSh sanoatida, xususan, po‘lat ishlab chiqarishda ish o‘rinlarining yo‘qotilishi global raqobat va ofshoringdan ko‘ra ko‘proq ishlab chiqarish avtomatlashtirilishi va ishlab chiqarishdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lsa ham, AQShdagi saylovchilar orasida savdo siyosati ishlab chiqarishdagi ish o‘rinlarini himoya qilishga aloqador umumiy qarashlarga bog‘liq bo‘lib qolgan.
Tramp Xitoy Prezidenti Si Jinpingni ham “daho”, ham “xavfli” va 1,4 milliard odamni “temir musht” bilan boshqaruvchi samarali yetakchi sifatida e’tirof etgandi. Bu esa tanqidchilar tomonidan Trampning “diktatorlarga” nisbatan simpatiyasi o‘laroq baholangan edi.
Sobiq prezident Xitoyni tiyib turish maqsadida mintaqadagi boshqa davlatlar bilan AQShning xavfsizlik hamkorliklarini kuchaytirish bo‘yicha Bayden ma’muriyati yondashuvidan chetga chiqishi kutilmoqda.
AQSh o‘zini o‘zi boshqaradigan Tayvanga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda. Vaholanki, Xitoy uni oxir-oqibatda Pekin nazorati ostiga o‘tuvchi isyonkor viloyat deb hisoblaydi.
Tramp oktyabrь oyida agar u yana Oq uyga qaytsa, Tayvanga Xitoy blokadasi qo‘yilishiga qarshi harbiy kuch ishlatmasligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Si Trampning “[rosa] aqldan ozganligini” va bunday holat yuz beradigan bo‘lsa, Xitoy importlariga keskin tariflar qo‘llashini yaxshi biladi.
Iqlim o‘zgarishi
Iqlim inqirozi borasidagi savolga kelsak, "AQShdagi saylov nafaqat uning fuqarolari uchun, balki butun dunyo uchun katta ahamiyatga ega, chunki iqlim va tabiat inqirozi o‘ta dolzarb masala", deydi Nelson Mandela tomonidan tashkil etilgan jahon yetakchilaridan iborat Elders guruhi rahbari, Irlandiyaning sobiq prezidenti va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Meri Robinson.
"Iqlim o‘zgarishi va uning eng yomon ta’sirlaridan qochish uchun darajaning har bir ulushi muhim ahamiyatga ega, bu Milton kabi vayronkor dovullar odatiy holga aylanmasligi uchun ham kerak," deb qo‘shimcha qildi u.
Biroq, yil boshida Milton va Helene dovullari xukmronlik qilayotganda, Tramp ushbu iqlim favqulodda vaziyatlariga qarshi ekologik rejalar va siyosatlarni "barcha zamonlarning eng katta aldovlaridan biri" deb atadi, deya xabar berdi Bi-bi-si muxbiri Lays Dutset. Ko‘pchilik uni, xuddi birinchi muddatida qilgani kabi 2015 yildagi Parij iqlim kelishuvidan chiqishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Biroq Robinson Tramp hozir to‘planib kelayotgan harakatni to‘xtata olmaydi, deb hisoblaydi.
"U AQShning energiyadagi o‘tish jarayonini to‘xtata olmaydi va milliardlab dollarlik yashil subsidiyalarni ortga qaytara olmaydi... shuningdek, u mustahkam nodavlat iqlim harakatini to‘xtatishga qodir emas", deydi u.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002