Video - Markaziy Osiyo: Shamol va quyoshdan bir paytda tok olish mumkin
Ham shamol, ham quyosh nurini bir paytning o'zida tokka aylantiradigan qurilma Markaziy Osiyoda yagona va dunyoda qiyosi yo'q.
Qirg'izistonlik Emil Tursunovning "Sha'mtur" nomli ayni ixtirosi ko'chma bo'lib, ham quyoshli, ham shamolli joylarga olib borib ishlatish uchun qulay.
O'zbekiston qo'shni Qirg'izistonga gaz va elektr uzatishni to'xtatishi ortidan bu mamlakat o'z energiya ehtiyojlarini to'la qoplay olmay, qiynalmoqda.
Aslida tog'li va suvli Qirg'izistonning gidroelektrik zaxiralari katta.
Lekin rejadagi "Qambarota" kabi ulkan GES uchun bir necha milliard dollar mablag' kerak. Rossiya boshida yordam va'dasini bergandi.
Biroq keyinroq Kreml iqtisodiy qiyinchiliklarni ro'kach qilib, o'z so'zidan qaytgan.
Buning ustiga, qo'shni O'zbekiston o'z dalalariga keladigan Sirdaryo boshida ulkan to'g'onli GES qurilishini istamaydi.
Emil Tursunov esa hali-beri suvdan etarlicha quvvat olib bo'lmasa, tog'lardagi shamolni, quyosh nurini tutish kerak, deb ishga kirishgandi. Bugun uning orzusi ro'yobga chiqdi.
"Markaziy Osiyo kundaliklari" mualliflari Rustam Qobil, Oksana Vojdaeva va Maksim Lomakin ayni ixtiro haqida lavha tayyorlashgan.
BBC O'zbek Xizmati videolavhalarini YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek) kanalida ham tomosha qiling.